Mashhur qozog‘istonlik blogerlar Yerbolat Janabilov (Zhanabylov_e) va Elmira Tolegenova (elt6i) nisbatan noqonuniy tadbirkorlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilmoqda. Bu haqda Senat yig‘ilishida Moliyaviy monitoring agentligi raisi o‘rinbosari Jenis Yelemesov ma’lum qildi, xabar beradi Nur.kz.
«Biz jinoiy tergovni boshladik, qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan sizlarga xabar beramiz. Biz (jinoyat ishi — tahr.izohi) ishni kuni kecha ro‘yxatga oldik», — dedi u va tergov ikki oyga yaqin vaqt olishi mumkinligini aytdi.
Yelemesov Janabilov va Tolegenova bilan bog‘liq vaziyat boshqacha rivojlanishi mumkinligini ta’kidladi. Uning eslatishicha, Moliyaviy monitoring agentligi tomonidan 27 nafar blogerga oid materiallar ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha vakolatli organlarga taqdim etilgan.
«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilishiga e’tiroz bildirsa va bu haqda ariza bilan murojaat qilsa, u vakolatli organ tomonidan emas, balki sud tomonidan ko‘rib chiqilishi qayd etilgan. Janabilovlar (Janabilov va Tolegenovalar turmush qurgan – tahr.izohi) ayblovni tan olmaganliklarini aytib, rad javobini berishgan. Materiallar sudga tegishli ravishda taqdim etilgan. Sud jarayonida jinoiy huquqbuzarlik tarkibi borligi va uni tekshirish zarurligi to‘g‘risida xulosa chiqarishga sabab bo‘lgan boshqa faktlar aniqlangan bo‘lishi mumkin», — dedi Yelemesov.
Shu bilan birga, Nurbek Nurtazo (Just King) kabi ba’zi blogerlar o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni qabul qilib, jarimalarni to‘lagan va faqat ma’muriy javobgarlikka tortilgan, deya qo‘shimcha qildi agentlik raisi o‘rinbosari.
Janabilov va Tolegenova millionlab obunachilarga ega blogerlar. Ularning Instagram akkauntlari (RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq) mos ravishda 8,4 million va 7,1 milliondan ortiq obunachiga ega. Yaqinda ular birgalikda sovg‘asiga 10 ta mashina tikilgan o‘yinni boshlashgan. Ishtirok etish uchun obunachi 30 000 tengega (55 dollar) kurs sotib olishlari kerak bo‘lgan, bu esa e’tirozga asos bo‘lgan. Dastlab blogerlarga lotereya o‘yinini noqonuniy tashkil etish aybi qo‘yilgan. Biroq, keyinchalik bu harakat jinoiy javobgarlik moddasiga yo‘naltirilgan.



