O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishini boshlab berdi. Davlat rahbari 15 oktyabr kuni bo‘lajak inshoot fundamentiga kapsula qo‘ydi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.
Poytaxt yaqinida aeroport qurish zarurati so‘nggi sakkiz yilda Toshkentga yo‘lovchi tashish hajmi 3 barobarga oshgani va 9 millionga yetgani, 2040 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 24 milliondan oshishi kutilayotgani bilan bog‘liq. Hozirgi aeroport yiliga atigi 11 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, uning shahar ichida joylashganligi kengaytirishga imkon bermaydi.
Shu bois Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq va Quyichirchiq tumanlarida 1300 gektar maydonda yangi xalqaro aeroport qurish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Ushbu loyiha uchta kompaniya konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi:
✅ Vision Invest (Saudiya Arabistoni);
✅ Sojitz (Yaponiya);
✅ Incheon (Janubiy Koreya).
Qurilishning to‘rt bosqichi rejalashtirilgan bo‘lib, ulardan birinchisi aeroport terminali va aerodromni o‘z ichiga oladi. Loyihaning ushbu qismining qiymati 2,5 milliard dollarga baholanmoqda.
Bu bilan terminallar orqali yiliga 20 million nafar yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk o‘tkazish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyalarini bajarish, 14 ta teleskopik traplardan foydalanish hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta havo kemasini saqlash imkoniyati yaratiladi.
Ushbu aeroport aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (ICAO) talablariga to‘liq javob beradi.
Eng ilg‘or aeronavigatsiya va parvozlar xavfsizligini ta’minlash tizimlari o‘rnatilib, har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish mumkin bo‘ladi. Qayd etilishicha, mazkur loyiha «yashil» standart tamoyillariga javob beradigan mintaqadagi birinchi aeroport bo‘ladi.
Yangi aeroportni qurish orqali multimodal transport bog‘lamasi tashkil etiladi. Ushbu hudud Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq pullik avtomobil yo‘llariga ulanadi. Bu yerda zamonaviy temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, loyiha O‘zbekistonga 27 milliard dollardan ortiq daromad keltiradi, xizmat ko‘rsatish, sanoat va turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shadi, minglab ish o‘rinlari yaratiladi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni 3 milliondan 10 millionga ko‘paygan bo‘lsa, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 15 millionga yetishi kutilmoqda. Shuning uchun sanoatni jadal modernizatsiya qilish zarur. Xususan, Mo‘ynoq, Qo‘qon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo, So‘x tumanlarida yangi aeroportlar barpo etilib, ularning soni 18 taga yetkazildi.
Tashuvchilar o‘rtasida ham raqobat kuchaymoqda. Shu tariqa, 15 ta yangi aviakompaniya paydo bo‘ldi, havo kemalari parki 26 tadan 105 taga ko‘paydi. Bundan tashqari, yaqin yillarda havo kemalari sonini 180 taga, yo‘nalishlar sonini 230 taga yetkazish, ichki va xalqaro reyslar hajmini yiliga 200 mingtaga yetkazish kutilmoqda.
«Ushbu islohotlarimizning pirovard natijasida O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirishni maqsad qilganmiz», — deya xulosa qildi Mirziyoyev.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida Quyichirchiq tumanidagi sholichilik klasterini borib ko‘rdi. Shuningdek, poytaxtning Yangihayot tumanida joylashgan «Yangi avlod» maxsus industrial zonasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishdi.



