«Britaniya kinosi ikonasi» sifatida tanilgan taniqli aktyor Ben Kingsli O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITSM) haqidagi maxsus ilmiy-ma’rifiy videoloyihada hikoyachi sifatida ishtirok etadi. Bu haqda ITSM matbuot xizmati xabar berdi.
Videoloyiha O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda yaratilgan tarix va madaniyatga oid 150 ta filmdan iborat loyiha doirasida ishlab chiqilmoqda. Loyihada Kingslidan tashqari boshqa kino va televideniye yulduzlari, jumladan Morgan Friman, Denzel Vashington, Mel Gibson, Burak O‘zchivit va Anjelina Joli hikoyachi sifatida ishtirok etishi kutilmoqda.
Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi, unda markaz faoliyatini rivojlantirish, ko‘rgazmalarini boyitish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
«Har bir hujjatli rolik yoki videomahsulot ilmiy kengash muhokamasidan o‘tishi — uning mazmun va sifati yuksak darajada bo‘lishini ta’minlaydi. Biz har bir kadr orqali haqiqatni, tarixni va ma’rifatni namoyon etmoqchimiz», — dedi Markaz direktori o‘rinbosari Rajab Rajapov.
Yig‘ilishda markaz faoliyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Bu borada jahonning yetakchi telekanallari, jumladan, CNN, BBC, Euronews telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi. Jumladan, yuz nafar buyuk o‘zbek allomalari haqida Euronews va CNN formatlarida kreativ videoloyihalar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



