«Kommersant’»: Rossiyada xorijiy sim-kartalar «sovutish davri»dan keyin ham SMS xabarlarni qabul qilmayapti

freepik.com sayti fotosurati

Rossiyadagi xorijiy sim-kartalar SMS xabarlarni qabul qilmayapti, mobil internet bilan bog‘liq muammolar 24 soatlik «sovutish davri» tugaganidan keyin ham yuzaga kelyapti. Bu haqda foydalanuvchilar va o‘zining sohadagi manbalariga tayanib, «Kommersant’» xabar berdi.

Matnli xabarlarni qabul qilishning imkoni yo‘qligi sababli xorijiy banklar mijozlari tranzaksiyalarni tasdiqlay olmayapti, bu haqda ular Ijtimoiy tarmoqlarda shikoyatlar qilishmoqda. Ushbu shikoyatlar, qaysi mamlakatga mansubligidan qat’i nazar, barcha xorijiy sim-kartalarda muammolar yuzaga kelayotganini ko‘rsatadi.

Telekom bozoridagi «Kommersant’» manbasining ta’kidlashicha, T2 ning bitta operatori «taymerni 24 soat davomida faollashtirishga» muvaffaq bo‘lolgan. Boshqa operatorlar, manbaga ko‘ra, «sovutish davri»ni atigi 24 soatgacha cheklash uchun texnik imkoniyatlarga ega bo‘lolmagan, shuning uchun ularning ma’lumotlar uzatish va SMS cheklovlari xorijiy karta egasining RFda bo‘lgan butun vaqt davomida amal qilgan.

Telekom bozoridagi yana bir manbaga ko‘ra, operatorlar tez orada barcha muammoni «izga tushiradi» va tizim ishlay boshlaydi. U «izga tushishi» uchun uch-to‘rt hafta vaqt ketishini taxmin qilmoqda.

6 oktyabrdan boshlab Rossiyada xorijiy sim-kartalar va eSimdagi mobil internet va SMS xizmatlari mahalliy tarmoqda ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng 24 soat davomida cheklanadi. Bu haqda aloqa operatorlari xorijdagi foydalanuvchilarga yuborgan xabarlardan ma’lum bo‘ldi. SMS va mobil internetga kirish 24 soatdan so‘ng avtomatik tarzda tiklanishi kerak.

Mazkur 24 soatlik vaqt «sovutish davri» deb ataldi. Avgust oyida Rossiya Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri Maqsut Shadayev bunday chora dron hujumlari xavfini kamaytirish uchun zarurligini ta’kidlagandi.