Qirg‘iziston prezidenti Administratsiyasi mamlakat Konstitutsiyasiga o‘lim jazosini joriy etish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.
Asosiy qonunning 25-moddasiga quyidagi mazmundagi o‘zgartirish kiritish taklif etildi: «Har kim ajralmas yashash huquqiga ega. Inson hayoti va sog‘lig‘iga nisbatan har qanday suiqasdga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Hech kim o‘zboshimchalik bilan hayotdan mahrum etilishi mumkin emas. O‘lim jazosi qonun bilan faqat bolalarni zo‘rlash va zo‘rlash bilan bog‘liq qotillik uchun belgilanishi mumkin».
Qonun loyihasini asoslovchi hujjatda so‘nggi paytlarda Qirg‘izistonda ayollar va bolalarga nisbatan o‘ta og‘ir jinoyatlar, jumladan, zo‘rlash va qotillik holatlari ko‘payib borayotgani qayd etilgan. Ommaviy axborot vositalarida bunday jinoyatlar haqidagi xabarlar shu qadar odatiy holga aylanib bormoqdaki, ular endi jamiyatni larzaga keltirmay qo‘ygan.
«Bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan har qanday shaxs eng qattiq va adolatli jazoga duchor bo‘lishi va u jamiyatdan chetlashtirilishiga oid aniq chiziqni belgilash vaqti keldi.
So‘nggi bir necha yil ichida bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlar jamiyatni eng oliy jazo bo‘lmish o‘lim jazosini qayta tiklash haqida jiddiy o‘ylashga majbur qilmoqda. Hozirgi bosqichda bolalar va ayollar hayoti va sog‘lig‘ini o‘lim jazosi va adolatli qasos tahdidisiz himoya qilib bo‘lmay qoldi», — deydi qonun loyihasi mualliflari.
Qirg‘izistonliklar hujjat ostida izoh qoldira boshlaganlar. O‘lim jazosini qo‘llab-quvvatlovchilardan farqli o‘laroq, chora muxoliflari o‘z fikrlarini asoslashadi. Ular begunoh shaxsning qatl etilishiga sabab bo‘ladigan sud hukmi chiqarilishi xavfidan xavotirda ekanini bildiradilar. Sharhlarda Qirg‘izistonning sud va huquq-tartibot tizimlariga chuqur ishonchsizlik bildirilgan. O‘lim jazosini joriy etishning majburiy shartlari sifatida ochiq sud jarayonlari, ishlarning borishini kuzatish uchun mustaqil ommaviy axborot vositalari va barcha tibbiy ko‘riklarning shaffofligi keltiriladi.
ℹ️ O‘lim jazosini joriy qiluvchi qonun loyihasi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning iltimosiga ko‘ra tayyorlangan. Bunga keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan 2025 yil sentyabr oyi oxirida 17 yoshli Oysulu Mukashevaning o‘ldirilishi bo‘ldi. Jinoyatni sodir etishda gumon qilinuvchi, 1984 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs qo‘lga olingan. Prezident tergovni shaxsan nazoratga olgan.
Qirg‘izistonda 1998 yili qatllarga moratoriy e’lon qilinganda, jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilingan, biroq sudlar uzoq vaqt davomida o‘lim jazosi hukmini chiqarishda davom etgan. 2007 yili o‘lim jazosi amalda bekor qilindi, o‘shanda u umrbod qamoq jazosi bilan almashtirildi. Bungacha 2006 yili Qirg‘iziston Konstitutsiyasidan o‘lim jazosi haqidagi eslatma olib tashlandi, 2010 yili esa mamlakat o‘lim jazosini taqiqlovchi va uni qaytadan joriy qilmaslik majburiyatini olgan xalqaro protokolni ratifikatsiya qilgan. Uni qayta tiklash uchun mamlakat Asosiy qonuniga o‘zgartirishlar kiritish va referendum o‘tkazish talab qilinadi.