Shifokorni urgan qo‘stanaylik erkak yarim yil qamoq jazosiga hukm qilindi

Ablayxan Sarinjepov. Tatyana Fayl fotosurati, tobolinfo.kz

Qo‘stanayda (Qozog‘istonning shimoli-g‘arbiy qismidagi shahar) mahalliy fuqaro Ablayxan Sarinjepov urolog-jarroh Anton Kistanovga hujum qilganlikda ayblanib, hukm qilindi. Unga olti oylik qamoq jazosi tayinlandi, biroq tergov hibsxonasida o‘tgan vaqt hisobga olinsa, uning jazoni o‘tashga ikki haftadan kamroq vaqti qoldi, deb yozadi Tobol.info.

Ish Qo‘stanay shahar №2 sudida ko‘rib chiqildi. Sarinjepovga nisbatan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 114-moddasi 3-qismi («Ehtiyotsizlik oqibatida badanga og‘ir shikast yetkazish») bo‘yicha ayblov qo‘yildi. U jazoni eng kam tartibli koloniyada o‘taydi. Shuningdek, u jabrlanuvchilar tovon jamg‘armasiga 39 ming tenge (72 dollar) va jabrlanuvchi Anton Kistanovga qo‘shimcha 2,5 million tenge (4,6 ming dollar) to‘lashi kerak. Uning fuqarolik da’vosi to‘liq qondirildi.

Sudya Anara Shaymurunova sudlanuvchiga nima uchun aynan shunday jazo tayinlanganini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sarinjepov shifokorning labiga urgan, bu o‘z-o‘zidan tanaga jiddiy zarar yetkazmaydi. Kistanov tik turgan joydan yiqilib, boshini polga urib, og‘ir tan jarohati olgan. Shu bois sud Sarinjepovning shifokorga og‘ir tan jarohati yetkazish niyatida bo‘lmaganini aniqlagan. Uning uch nafar yosh farzandi borligi sababli ham jazosining yengillashtirilshiga sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, Anara Shaymurunovaning qayd etishicha, Sarinjepov aybiga iqror bo‘lishiga qaramay, hech qanday pushaymon bo‘lmagan. «U sodir bo‘lgan voqeada shifokorni ayblab, jabrlanuvchining o‘zi u bilan sodir bo‘lgan voqeaga loyiq ekanini aytgan. Kistanov esa o‘zini to‘g‘ri tutgan va bemor g‘azabini qo‘zg‘atmagan. Ishda og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmadi», — deya xulosa qildi sudya.

Respublikada keng muhokamalarga sabab bo‘lgan shifokorga hujum 17 iyul kuni Qo‘stanay viloyat shifoxonasining tez tibbiy yordam bo‘limida sodir bo‘lgan. Xabar qilinishicha, Anton Kistanov operatsiyadan so‘ng bemorlarni ko‘rish uchun tez yordam bo‘limiga tushgan. Navbatda turgan Ablayxon Sarinjepov uning yuziga musht tushirgan, natijada shifokor hushidan ketib, komaga tushib qolgan. Unga bosh miya jarohati, qon ketishi va bosh chanog‘ining ort suyagi sinishi tashxisi qo‘yilgan. Kistanov uzoq vaqt davomida Ostonada davolanayotgan, u yerga tez tibbiy yordam mashinasida olib ketilgan. Hujumchi iyul oyida hibsga olingan va u tergov izolatorida sud jarayonini kutgan.

Mazkur voqeadan so‘ng Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tibbiyot xodimlariga hujumlar uchun jazo choralarini kuchaytirishni buyurdi. Biroq, tegishli qonunchilikka o‘zgartirishlar hali qabul qilinmadi.