Qozog‘istonning Aktau shahri yaqinida Ozarbayjonning AZAL aviakompaniyasi samolyoti halokati munosabati bilan Rossiya tovon puli to‘laydi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Dushanbeda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan ikki tomonlama uchrashuvda ma’lum qildi, deb yozadi RIA Novosti.
«Rossiya bunday fojiali holatlarda kerak bo‘lgan kompensatsiya to‘lash bilan bog‘liq barcha zarur ishlarni qiladi», — deya Rossiya rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik. Shuningdek, u fojia bilan bog‘liq mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berishga va’da berdi.
«Hozirda ushbu fojia sabablarini umumiy tarzda muhokama qilishimiz mumkin. Bu bir qancha holatlar bilan bog‘liq», — deya Putin so‘zlarini keltiradi Interfaks. —Birinchisi, osmonda Ukraina droni bo‘lgan. Biz bir vaqtning o‘zida Rossiya Federatsiyasi chegarasini kesib o‘tgan uchta uchuvchisiz uchish apparatini kuzatib bordik».
Ikkinchi sabab, prezidentning ta’kidlashicha, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimining texnik nosozligi. «Otilgan ikkita raketa samolyotga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba bermagan, agar bu sodir bo‘lganida, u joyida qulab tushgan bo‘lardi. Buning o‘rniga ular portlagan — ehtimol o‘z-o‘zini yo‘q qilish uchun — bir necha metr uzoqlikda, taxminan o‘n metrlar», — davom etgan u.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, «zarar birinchi navbatda jangovar elementlardan emas, balki raketalar qoldiqlaridan yetkazilgan. Shuning uchun uchuvchi buni qushlar to‘dasi bilan to‘qnashuv sifatida qabul qilgan va bu haqda u Rossiya aviadispetcherlariga xabar bergan va bularning barchasi qora qutilarda qayd etilgan».
«Umuman olganda, men uchrashuvimizdan bir kun oldin – kecha yoki bir kun oldin menga ma’lum qilingan narsalarni [AZAL halokati sabablarini] aytib berdim», — deya qo‘shimcha qildi Putin Aliyevga murojaat qilarkan. Aliyev, o‘z navbatida, Rossiya prezidentiga samolyot halokati sabablarini tekshirishni shaxsan nazorat qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasining Embraer 190 samolyoti halokatga uchragandi. Samolyot Bokudan Grozniyga yo‘l olgan, biroq Checheniston poytaxtiga qo‘na olmagan. Samolyot ortiga burilib, halokat signalini berganidan so‘ng Qozog‘istonning Aktau shahriga uchib ketgan. Samolyot aeroportdan 3 kilometr uzoqlikda qulagan. Samolyot bortidagi 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgan, ular orasida Ozarbayjon, Qozog‘iston va Rossiya fuqarolari bor bo‘lgan.
Halokatdan so‘ng, qushlarning urilishidan tortib, samolyotga tashqi ta’sir ko‘rsatilganiga qadar turli xil versiyalar ilgari surildi. Dekabr oyi oxirida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Moskva halokat sabablarini yashirishga urinayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, samolyot radioelektron hujumi tufayli ishdan chiqqan va yerdan berilgan zarba (samolyot Grozniyga qo‘nayotganda Ukraina dronlarining hujumiga qarshi kurash olib borilgan) dum qismiga jiddiy zarar yetkazgan.
Avariya sabablarini tekshirish uchun Qozog‘iston Transport vazirligi huzurida komissiya tuzildi. Tekshiruvlarga Ozarbayjon, Rossiya va samolyot ishlab chiqaruvchi Embraer kompaniyasi mutaxassislari jalb qilingan.
2025 yil fevralida Qozog‘iston Transport vazirligi tekshiruv ishlari bo‘yicha dastlabki hisobotni e’lon qildi. Hujjatda halokat sabablariga oid aniq xulosalar keltirilmagan. Unda qayd etilishicha, samolyot korpusida teshiklar, shuningdek, begona metall buyumlar topilgan va ular ekspertiza uchun yuborilgan.



