Putin: «Tojikiston fuqarolarini munosib mehnat sharoiti va ijtimoiy himoya bilan ta’minlashga intilyapmiz»

Tojikiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Rossiya o‘z hududida mehnat qilayotgan Tojikiston fuqarolarini munosib mehnat sharoitlari va ijtimoiy himoya bilan ta’minlashga intilmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 oktyabr kuni Rossiya-Tojikiston muzokaralari yakunlari bo‘yicha OAVga bergan bayonotida ma’lum qildi.

RF prezidenti tojikistonlik mehnat migrantlarining ikki davlat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.

«Eslatib o‘tmoqchimanki, Rossiyada deyarli bir millionga yaqin, bir milliondan ortiq Tojikiston fuqarolari yashab, mehnat qilmoqda. Ular turli sohalarda, xususan, qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, transport va logistika kabi jadal rivojlanayotgan sohalarda band bo‘lib, Rossiya iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Muhimi, ularning uyiga yuborayotgan pul mablag‘lari tojikistonliklarning oila a’zolari va butun ijtimoiy-maishiy sharoitlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz Tojikiston fuqarolarini munosib mehnat sharoiti va ijtimoiy himoya bilan ta’minlashga harakat qilyapmiz», — dedi Putin. U ikki davlatning tegishli idoralari migratsiya siyosatining barcha masalalari bo‘yicha yaqin aloqada ekanini qo‘shimcha qildi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Putindan oldin matbuotga bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, muzokaralar yakunlari bilan bir qatorda mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha ham «ushbu sohani yanada rivojlantirish va hamkorlik qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlovchi» hujjatlar imzolangan. Uning qo‘shimcha qilishicha, «tomonlar o‘rtasidagi migratsiya sohasidagi hamkorlik konstruktiv rivojlanmoqda».

Rahmon rus tili o‘qituvchilarini tayyorlash, Tojikiston maktablari uchun rus tilida darslik va o‘quv qo‘llanmalar nashr etish, shuningdek, beshta rus tilida o‘qitiladigan maktab qurilishidagi ishtiroki uchun Rossiyaga minnatdorlik bildirdi.

«Biz, shuningdek, Dushanbe shahridagi Mayakovskiy nomidagi rus drama teatri qoshidagi iqtidorli bolalar markazi qurilishida ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdormiz. Shu nuqtayi nazardan Rossiyadagi yetakchi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida teatr va kino mutaxassislarini tayyorlashni davom ettirish zarurligini ta’kidladik», — dedi Tojikiston prezidenti.

Putin Rahmonga rus tiliga beilayotgan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Ma’lumki, Tojikistonda rus tili millatlararo muloqot tili sifatida konstitutsiyaviy maqomga ega. Respublika prezidenti bunga qanchalik e’tibor qaratayotganini bilamiz va samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz», — dedi Rossiya prezidenti.

Har ikki prezident bo‘lib o‘tgan muzokaralar juda konstruktiv, do‘stona va ittifoqchilik ruhida bo‘lganini ta’kidlab, Tojikiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada ekanini ta’kidladi. Diqqat markazida iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘lgan. Xususan, ikki davlat moliyaviy munosabatlarida deyarli to‘liq milliy valyutalardan foydalanishga o‘tgani ta’kidlandi: ularning tijorat operatsiyalaridagi ulushi 2024 yil yakuniga ko‘ra 97 foizdan oshgan. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, tovar ayirboshlashni diversifikatsiya qilish, 2030 yilgacha uni 2,5 barobar oshirish rejasini amalga oshirishga kelishib oldilar.

✅ Rossiya Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi doirasida 15 dan ortiq hujjatlar imzolandi, jumladan:

▪️ Vakolatli ichki ishlar va migratsiya organlari vakolatxonalarining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi kelishuv;

▪️ Tojikiston fuqarolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuv;

▪️ Transport sohasida hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi;

▪️ Rossiya Milliy gvardiyasi va Tojikiston Milliy gvardiyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi;

▪️ Vaboga qarshi kurash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;

▪️ 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

▪️ Telefon va internetdagi firibgarlikka qarshi kurashga oid hamkorlik rejasi.