O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlardan himoyalanishning proaktiv tizimi yaratiladi

O‘zbekiston FVV rahbari Botir Qudratxo‘jayev. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlarni oldindan baholab, tezkor va proaktiv ishlaydigan tizimi yaratiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishga oid taqdimotda aytib o‘tildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Taqdimotda jamoat xavfsizligi sohasida 30 dan ortiq qonun hujjatlari mavjudligiga qaramay, favqulodda vaziyatlardan himoya qilishning kompleks dasturi hali ishlab chiqilmagani qayd etildi. Xususan, bundan o‘n olti yil avval qabul qilingan «Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun bugungi kun talablariga javob bermaydi.

Vaziyat tahlili shuni ko‘rsatdiki, hozirda favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlari asosan davlat idoralarida amalga oshirilyapti. Lekin bunday holatlarning 70 foizdan ortig‘i aholi xonadonlarida nosoz, muddati o‘tgan gaz va elektr jihozlaridan foydalanish, xavfsizlik madaniyatiga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelyapti.

Shuning uchun tizim ishini mahallalarda tashkil etib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfsizlik madaniyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar bilan har bir mahalla, har bir ko‘cha va xonadonni qamrab olishi zarurligi ta’kidlandi.

Raqamli texnologiyalar va zamonaviy texnik jihozlarni joriy etishning sustligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu bois, sohada raqamli infratuzilma yaratish, favqulodda vaziyat haqida xabar berishdan boshlab, uni to‘liq bartaraf etishgacha bo‘lgan hamma jarayonlarni raqamlashtirish, shuningdek, yangi ishlash mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Favqulodda vaziyatlarni tezkor bartaraf qilish uchun zamonaviy texnika va jihozlarni ko‘paytirish, ularni respublikada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, kadrlar salohiyatini rivojlantirish zarurati ham muhokama qilindi. Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish va malaka oshirish markazini tashkil etish, professional qutqaruvchilarni tayyorlash, o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish rejalashtirildi.