Putin va Rahmon «eng nozik masalalar»ni muhokama qildi va qo‘shma bayonot e’lon qildi

kremlin.ru sayti fotosurati

Rossiya va Tojikiston prezidentlari Vladimir Putin va Emomali Rahmon ikki mamlakat hamkorligiga oid «eng nozik masalalar»ni yakkama-yakka muloqotda muhokama qildi. Bu haqda Putin kengaytirilgan muzokaralar boshida ma’lum qildi.

«Biz eng nozik masalalarni yuzma-yuz muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldik, garchi bu kecha kechqurun sodir bo‘lgan bo‘lsa-da. Kechagi oqshom, do‘stona muhitda bir piyola choy ustida tinchgina, bizni qiziqtirgan barcha masalani: mintaqadagi, ikki tomonlama hamkorligimizdagi eng qiziqarli va istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qilishga muvaffaq bo‘lganimiz uchun sizga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman», — deya RF prezidenti so‘zlarini keltiradi uning matbuot xizmati.

Putin Tojikistonga ilk bor davlat tashrifi bilan keldi. U avvalroq mamlakatga to‘rt marta rasmiy va sakkiz marta amaliy tashrif bilan kelgan.

Putin Rahmon bilan suhbati avvalida Rossiya va Tojikiston 1993 yili imzolangan Do‘stlik shartnomasida belgilangan barcha kelishuvlar va fundamental maqsadlarni bajarayotganini ta’kidlab, munosabatlar rivojini keng miqyosda juda ijobiy deb baholadi. Savdo o‘sishi o‘tgan yili 7 foizdan oshgan, joriy yilning yetti oyida esa 17 foizdan oshdi, «bu yaxshi tendensiya va biz uni albatta saqlab qolishimiz kerak».

Putin xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikka alohida urg‘u berib, Rossiya va Tojikistonni ishonchli ittifoqchilar deb atadi va barcha ittifoqchilik majburiyatlarini bajarishga va’da berdi.

U Rahmonga rus madaniyati va tiliga ko‘rsatayotgan e’tibori uchun minnatdorchilik bildirib, Tojikistonda beshta rus maktabi ochilgani va ushbu respublika talabalari Rossiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotganini tilga oldi.

«Agar biron-bir muammo yuzaga kelsa, biz, albatta, kerak bo‘lsa, ularni o‘z darajamizda ko‘taramiz va barcha muhim sohalarda Rossiya-Tojikiston munosabatlarini izchil rivojlantirish uchun sharoit yaratadigan tarzda tashkil qilamiz», — deb ishontirdi Putin.

Kengaytirilgan uchrashuv avvalida Rahmon Rossiyani asosiy siyosiy va iqtisodiy hamkorlaridan biri deb atadi. U savdo-iqtisodiy, madaniyat va xavfsizlik sohalarida yaqin hamkorlikni ta’kidladi.

Tomonlar energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va raqamli iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar. Ular quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratdilar:

▪️ Tojikistonning tog‘-kon sanoati va qayta ishlash sanoatiga Rossiya sarmoyasini jalb qilish;

▪️ Mehnat migratsiyasi, turli sohalarda yuqori malakali kadrlar va mutaxassislar tayyorlash;

▪️ Mintaqaviy miqyosdagi aloqalarni kengaytirish;

▪️ Yangi transport koridorlarini ishlab chiqish va yetkazib berish zanjirlarining barqarorligini mustahkamlash;

▪️ Raqamli texnologiyalarni joriy etish.

Muhokamaning asosiy mavzusi xavfsizlik masalasi bo‘ldi. Terrorizm, ekstremizm, kibertahdidlar, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qiluvchi va mudofaa idoralari o‘rtasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlar muvaffaqiyatli bo‘lgani yuqori baholandi.

Muzokaralar yakunida Vladimir Putin va Emomali Rahmon qo‘shma bayonotni imzoladi. Unda, jumladan shunday deyilgan:

▪️ Rossiya va Tojikiston harbiy hamkorlikni, jumladan, 201-Rossiya bazasi salohiyatidan foydalangan holda faollashtirish niyatida;

▪️ Ikki davlat migratsiya sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytiradi, zero o‘z fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash muhim ahamiyatga ega;

▪️ Davlatlar rus tilini targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlaydi;

▪️ Rossiya va Tojikiston boshqa davlatlar va tashkilotlarning KXSHTning mintaqaviy, jumladan, Markaziy Osiyodagi muammolariga aralashuviga yo‘l qo‘ymaydi.