Afg‘oniston aholisi mashhur ijtimoiy media platformalari, jumladan Instagram va Facebook (ikkalasi ham RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq), shuningdek, Snapchatga kirish to‘liq yoki qisman uzilganiga duch keldi. Bu haqda Ariana News nashri xabar berdi.
NetBlocks xalqaro veb-monitoring xizmatiga ko‘ra, cheklovlar bir nechta telekommunikatsiya provayderlari tomonidan tasdiqlangan. AFP ta’kidlashicha, dushanbadan boshlab turli viloyatlarda ijtimoiy tarmoqlar smartfonlarda vaqti-vaqti bilan ishlamay qolgan va internet tezligi sezilarli darajada pasaygan. Uzilishlar birinchi navbatda mobil telefonlarga ta’sir qilgan, biroq statsionar telefonlarda ham uzilishlar qayd etilgan.
Afg‘oniston Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi yoki hukmron harakat bo‘lmish «Tolibon»* vakillaridan hech qanday rasmiy bayonot berilmagan.
AFP keltirgan DataReportal ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshida Afg‘onistonda 13,2 million kishi internetdan foydalangan, bu mamlakat aholisining 30,5 foizini tashkil qiladi, ulardan 4,05 millioni ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadi. Facebook va Instagram kichik biznes uchun, ayniqsa, ishlashi va ta’lim muassasalariga borishi taqiqlangan ayollar uchun asosiy kanalga aylangan.
«Mamlakatdagi aksariyat reklama va kichik biznes faolligi hozir ijtimoiy tarmoqlarda amalga oshirilmoqda. Bu platformalarni bloklash ko‘plab odamlarning tirikchiligini vayron qiladi», — deb tushuntirdi mahalliy tadbirkorlardan biri.
ℹ️ Afg‘onistonning turli viloyatlarida internetga ulanish bilan bog‘liq muammolarga oid xabarlar kuz boshidan boshlab ko‘paydi va 29 sentyabrdan 1 oktabrgacha butun mamlakat bo‘ylab internet tarmog‘i bloklandi. Mobil telefon xizmati ham ishlamay qolgan. Oqibatda ko‘plab davlat va xususiy muassasalarning ishi izdan chiqdi, mamlakat aholisi asosiy xizmatlardan foydalanish va tashqi dunyo bilan aloqa qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Aksariyat telekanallar efirini to‘xtatdi. 30 sentyabr kuni Kobul aeroportida barcha reyslar bekor qilindi.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, internet toliblar yetakchisi Haybatulloh Oxundzodaning og‘zaki buyrug‘i bilan yopilgan. Afg‘oniston telekommunikatsiya kompaniyalari internetning mamlakat bo‘ylab uzilishi mamlakat oliy rahbariyatining bevosita buyrug‘i bilan amalga oshirilganini tasdiqladi. Bosh vazir vazifasini bajaruvchi mulla Hasan Oxund buyrug‘i bilan internet va telekommunikatsiya tarmoqlariga kirish tiklandi.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



