Siam egizaklarini ajratish operatsiyasini amalga oshirgan shifokorlar «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati mazkur operatsiya tafsilotlarini ma’lum qildi.
Noyob operatsiya Chirchiq shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida o‘tkazildi.
Homiladorlikning 33-34-haftasida «kesarcha kesish» yo‘li bilan muddatidan avval dunyoga kelgan siam egizaklari tug‘uruqdan 9 soat o‘tib, shoshilinch ravishda, ustiga-ustak, mahalliy sharoitda o‘ta murakkab amaliyot orqali ajratib olingan. Ularning umumiy vazni 3400 gramm, uzunligi esa 41 va 40 santimetr bo‘lgan.
Tug‘ilgandan keyingi dastlabki soatlarda ularning og‘ir ahvoli bo‘lgan: siydik pufagining exobelgisi bo‘lmagan, qizlardan birida yo‘g‘on ichak bo‘lmagan, tana birlashgan joyi terisi ikki joyda ajralgan, bu esa qorin bo‘shlig‘idan suyuqlik oqib chiqishiga olib kelgan. Operatsiyani boshqargan Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal jarrohlik markazi mudiri, professor Baxtiyor Ergashevning aytishicha, bu peritonit xavfini oshirib, har ikki bolaning hayotiga xavf tug‘dirgan.
«Bunday og‘ir vaziyatda boshqa chora yo‘q edi: agar operatsiya zudlik bilan o‘tkazilmaganida, ikkala yangi tug‘ilgan chaqaloq ham o‘lishi mumkin edi», — deya ta’kidlaydi Ergashev.
Operatsiya besh soat davom etgan. Operatsiyada Respublika perinatal markazi, Toshkent davlat tibbiyot universiteti ko‘p tarmoqli klinikasi va Toshkent viloyatidagi tibbiyot muassasalaridan 12 nafar mutaxassis: jarrohlar, anesteziologlar, reanimatologlar, neonatologlar, jarrohlik hamshiralari ishtirok etgan.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov tibbiyot muassasasiga tashrif buyurib, bolalarning ahvoli bilan tanishdi va jarrohlik guruhiga shaxsan o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
«Bunday o‘ta murakkab amaliyotlar hamma davlatlarda ham amalga oshirilavermaydi. Hatto, tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarda ham uzoq muddatli tahlillar va katta tayyorgarlikdan so‘ng bajariladi. Chunki bu — o‘ta noyob operatsiya. Mana shunday muddatidan avval tug‘ilgan siam egizaklarining shoshilinch ravishda hamda viloyat darajasida muvaffaqiyatli ajratib olinishi mamlakatimiz tibbiyoti yangi bosqichga ko‘tarilganining yorqin dalilidir», — dedi Xudayarov.
Vazir jarrohlik jamoasiga kasbiy mahorati va tibbiyot fanini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini e’tirof etib, «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishonini topshirdi.
Operatsiyadan keyingi ikkala bolaning ahvoli barqaror deb hisoblanadi. Reabilitatsiya davrida ular 24 soatlik kuzatuv ostida bo‘lgan, intensiv terapiya va yordam olganlar. Salomatligi yaxshilangan jajji bemorlar va ularning onasiga shifoxonadan uyiga javob berilgan.
Nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda siam egizaklarini ajratish bo‘yicha birinchi operatsiya 2006 yili B.V.Petrovskiy nomidagi Rossiya jarrohlik ilmiy markazi mutaxassislari ishtirokida amalga oshirilgan. 16 soat davom etgan operatsiya davomida Xorazm viloyatidan to‘rt oylik egizaklar Hasan va Xusan Komiljonovlar ajratilgan. Ular ko‘krak va qorinning pastki qismida birlashgan holda tug‘ilgan, bitta jigari bo‘lgan.
2022 yil dekabr oyida qorin qismi birikkan, bitta jigari bo‘lgan qirg‘izistonlik besh oylik Fotima va Zuxra opa-singillar Toshkentda operatsiya qilingan. Operatsiyani ilk bor butunlay o‘zbekistonlik shifokorlardan iborat guruh amalga oshirgan. Operatsiyada ishtirok etgan mutaxassislar ham «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.



