O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari 2025 yilning noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan, deb ma’lum qildi AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov, deb xabar beradi Spot.uz.
Kalmuratovning so‘zlariga ko‘ra, tadbirga tayyorgarlik Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlangan nizom asosida olib borilmoqda.
Eshituvlar Jizzax viloyati hokimligi vakillari, mahalliy aholi, jurnalistlar, xorijlik kuzatuvchilar ishtirokida ochiq muloqot tarzida o‘tkaziladi. Yakunda ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi.
Eshituvlarning asosiy maqsadi loyihaning atrof-muhitga ta’sirini baholash, jumladan, o‘simlik va hayvonot dunyosining ekologik holati, yer osti suvlari, atmosfera havosi, shuningdek, meteorologik va seysmik parametrlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ladi. Ushbu tadqiqotlar 2018 yildan buyon «O‘zatom» agentligi buyurtmasi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan loyiha institutlari ishtirokida davom etmoqda.
Kalmuratov direksiya eshituvlar o‘tkazishga texnik va tashkiliy jihatdan tayyorligini tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, muhokama «Rosatom» bilan shartnomani bekor qilishni nazarda tutmaydi, balki loyihaga tuzatishlar kiritish imkoniyatini beradi.
«Gap shartnomani bekor qilish haqida emas. Eshituvlarda loyihaning atrof-muhitga ta’siri muhokama qilinadi. Shartnoma yoki loyihaga o‘zgartirishlar kiritish — ha, bo‘lishi mumkin?», — dedi u.
Abdujamil Kalmuratovning tushuntirishicha, AES qurilishi loyihasi tijoriy emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatga ega. «Bu butun iqtisodiyotni o‘z ortidan ergashtiruvchi yetakchi loyihadir», — deya xulosa qildi u.
2025 yil sentyabr oyida «O‘zatom» direktori Azim Axmedxadjayev jamoatchilik muhokamasi loyihani amalga oshirishning majburiy bosqichi ekanini ta’kidladi. «Jamoatchilik fikrini hisobga olmasdan biz oldinga siljiy olmaymiz», — degan edi u.
Kalmuratov, shuningdek, O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyasi qurilishi belgilangan muddatdan bir necha oy oldinda ekanini ma’lum qildi. Qurilish maydonchasida atom elektr stansiyasi uchun kotlovan qazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ishlarni 9−10 oktabr kunlari boshlash rejalashtirilgan.
ℹ️ O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida atom energetikasi sohasida, jumladan, O‘zbekistonning birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik bitimi 2017 yil dekabrida imzolangan edi. Qiymati 11 milliard dollar bo‘lgan birinchi energoblok 2028 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. O‘shanda AES majmuasi har biri 120 MVt quvvatga ega ikkita energoblokdan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi.
«Rosatom» bilan kichik atom elektr stansiyasini loyihalash, yetkazib berish va qurish bo‘yicha yangi shartnoma — 2024 yil 27 may kuni Toshkentda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi chog‘ida imzolangandi. KAES birinchi betonini quyish 2026 yilning ikkinchi choragiga mo‘ljallangan.
AES qurilishi rejalari O‘zbekiston aholisi orasida ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Uni qo‘llab-quvvatlovchilar inshoot texnologik taraqqiyot va iqtisodiy foyda keltirishini ta’kidlasa, muxoliflar u ekologik falokat va yirik o‘g‘irlik xavfini keltirib chiqaradi, deb hisoblaydi.



