Azon.uz diniy sayti asoschisi Mubashshir Ahmad (asl ismi Alisher Tursunov) ikki yilu olti oyga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi ma’lum qildi.
Hukm 8 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida e’lon qilindi. Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining uchta moddasi bilan aybdor deb topildi:
▪️ 156-moddaning 2-qismi («Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atish»);
▪️ 244-1-modda 3-qismining «g» bandi («Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish»);
▪️ 244-3-modda («Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish»).
Mubashshir Ahmad jazoni umumiy rejimdagi koloniyada o‘taydi.
Sud, shuningdek, uning ijtimoiy tarmoqlar va YouTube video portalidagi sahifalari va kanallarini (Mubaşşir Ahmad va Azon Global — Muqobil axborot-tahliliy kanal) bloklashni buyurdi.
ℹ️ Mubashshir Ahmad 2017 yili Azon.uz axborot-tahliliy portalini yaratgan. Resurs Islom diniga oid yangiliklar va maqolalarni chop etishga ixtisoslashgan. Nashrning ayrim materiallari rasmiylar tomonidan tanqid qilingan. 2023 yil avgust oyida Azon media guruhi barcha loyihalarini to‘xtatdi. Noyabr oyida bir necha tillarda faoliyat yurituvchi Azon Global portali ishga tushirilgan. 2023 yil dekabrida Ahmad Turkiya hukumati tomonidan hibsga olingan va deportatsiya markaziga joylashtirilgan, 2024 yil fevralida u yerdan ozod qilingan. Oradan bir yil o‘tib, 2025 yil fevralida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi uni taqiqlangan tashkilotlar tuzish va ularda qatnashishda ayblab, qidiruv e’lon qilgan. May oyida Turkiya hukumati uni vataniga deportatsiya qildi.



