Moskva formati ishtirokchilari Afg‘onistonda chet el harbiy bazalari joylashtirilishiga qarshi chiqdilar

Moskva maslahatlashuv formatining yettinchi majlisi ishtirokchilari. sputnik.af sayti fotosurati

Afg‘oniston bo‘yicha Moskva maslahatlashuv formatida (MMF) ishtirok etayotgan davlatlar uchinchi davlatlarning mamlakatda harbiy bazaga ega bo‘lishiga qarshi chiqdi. Bu haqda 7 oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan MMF yettinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda aytildi.

«Davlatlarning Afg‘oniston va unga qo‘shni davlatlarda o‘z harbiy infratuzilmasini joylashtirishga urinishlari nomaqbul deb hisoblanadi, chunki bu mintaqaviy tinchlik va barqarorlik manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi», — deyiladi bayonotda.

Qaysi davlatlar nazarda tutilganiga aniqlik kiritilmagan. Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov jurnalistlarni RFning Afg‘onistonda harbiy bazalari yoki kontingentlarini joylashtirish rejasi yo‘qligini ta’kidladi. Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Bagram havo bazasini qaytarish niyati borligini ma’lum qilgandi.

Moskva formatidagi yig‘ilishda ilk bor Afg‘oniston delegatsiyasi toliblar* hukumati Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy boshchiligida io‘tirok etdi. An’anaga ko‘ra, ishtirokchilar orasida Rossiya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston vakillari bo‘lgan. Zalda mehmon sifatida Belarus delegatsiyasi ham bor edi.

Uchrashuvni ochar ekan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva formati Afg‘oniston kun tartibini hal qilish bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtiruvchi asosiy mintaqaviy platforma bo‘lib qolayotganiga urg‘u berdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya 2025 yil iyulida Afg‘onistondagi amaldagi hokimiyatni tan olishi davlatlararo hamkorlikdagi cheklovlarga barham bergan.

«Biz Kobulni jiddiy tashqi bosim va nisbatan kamtarona davlat budjetiga qaramay, terrorchilik guruhlari, jumladan «Islom davlati»*ning afg‘on bo‘limiga qarshi samarali kurasha olganiga tan beramiz. Afg‘oniston tuprog‘iga o‘lim va vayronagarchilik olib kelgan yuzlab jangarilar yo‘q qilindi», — dedi Lavrov.

Amir Xon Muttaqiy, o‘z navbatida, Rossiyaga Islom Amirligini tan olgani uchun minnatdorchilik bildirib, Afg‘oniston endi tahdid manbai emas, balki mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy o‘sish bo‘yicha hamkorga aylanib borayotganini aytib o‘tdi. U ayrim davlatlar nomlarini tilga olmay, erishilgan muvaffaqiyatlarga e’tibor bermay, Afg‘onistonni tahdid sifatida ko‘rsatishda davom etayotganini ta’kidladi.

«Biz bu ijobiy o‘zgarishlarni yanada faolroq qo‘llab-quvvatlash va o‘tmishdagi xatolar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, deb hisoblaymiz. Mintaqamiz yana o‘tmishdagi noto‘g‘ri hisob-kitoblar va noto‘g‘ri siyosat tufayli yuzaga kelgan ishonchsizlik qurboni bo‘lmasligi kerak», — dedi Muttaqiy.

Qo‘shma bayonotda maslahatlashuvlar ishtirokchilari:

▪️ Afg‘onistondagi mavjud inqiroz uchun mas’ul bo‘lgan davlatlarni uning iqtisodiy tiklanishi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga chaqirdi.

▪️ Afg‘onistonni terrorizm va giyohvand moddalar savdosidan xoli, mustaqil, birlashgan va tinch davlat sifatida qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlashdi.

▪️ Barchani Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy va transport tizimlariga faol integratsiyalashuviga chaqirdi.

▪️ Savdo-iqtisodiy aloqalarni, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, qashshoqlikni bartaraf etish va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish kabi sohalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi. Afg‘onistonning barqaror va mustaqil rivojlanishiga ko‘maklashish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Asosiy majlis doirasida Lavrov va Muttaqiy o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va mintaqaviy aloqalarni chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Rossiya, Xitoy, Eron va Pokiston vakillari o‘rtasida alohida to‘rt tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar terrorizmga qarshi kurash va Afg‘onistonda barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligini yana bir bor tasdiqladilar.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.