Mirziyoyev Turkiy davlatlarning Iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tuzishni taklif qildi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlarning Iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tuzishni taklif qildi. Bu tashabbus 7 oktyabr kuni Ozarbayjonning Gabala shahrida «Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik» shiori ostida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining (TDT) XII sammitida e’lon qilindi.

Mirziyoyev o‘z nutqida TDT qisqa vaqt ichida eng tez rivojlanayotgan xalqaro tashkilotlardan biriga aylanganini, bu yerda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash barqaror o‘sib borayotgani va 2030 yilga borib ikki baravar ko‘payishi kutilayotganini alohida ta’kidladi. Tashkilot hozirdanoq 35 dan ortiq yo‘nalishda, jumladan, savdo, sarmoyaviy, transport va gumanitar dasturlarda hamkorlik qilib kelmoqda.

«Amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish, jumladan, Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasidagi rejalarni kelishish maqsadida Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish vaqti keldi. Bu tuzilma mamlakatlarimiz Bosh vazirlari o‘rinbosarlari tomonidan boshqarilib, doimiy faoliyat olib borishi muhim. Kengashning Loyiha ofisini esa Toshkentda joylashtirishga tayyormiz», — dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidenti Kengash qator strategik tashabbuslarni amalga oshirishni rejalashtirayotganini, jumladan:

▪️ Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish,

▪️ Turkiy davlatlarning Sanoat alyansini tuzish va bu orqali mashinasozlik, kon sanoati, elektrotexnika, neft-kimyo, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat, qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohalarida yetakchi kompaniyalarimizning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish;

▪️ qurilish materiallari ishlab chiqarish.

Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida «Turkiy yashil yo‘laklar» elektron tizimini joriy etishga, shuningdek, ilg‘or texnologiyalar va davlat-xususiy sheriklik (DXSH) mexanizmlaridan foydalangan holda yashil energiya, yashil vodorod va ammiak loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun «Yashil transformatsiya» konsorsiumini yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Mirziyoyev, shuningdek, strategik mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha «xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiyalar – tayyor mahsulot» tamoyili asosida Hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishda mamlakatlarimiz dunyo yetakchilaridan bo‘lishlari mumkin. FAOning tahlillariga ko‘ra, bugungi kunda organik mahsulotlarning jahon bozoridagi hajmi 225 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi va bu raqamlar istiqbolda har yili 10 foizga o‘sishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi vazirlari rahbarligida ekspert ishchi guruhi tuzish va turkiy mamlakatlarning organik mahsulotlarini yagona brend ostida jahon bozoriga olib chiqishni taklif qildi.

O‘zbekiston prezidenti transport integratsiyasiga ham e’tibor qaratdi. U O‘rta koridorni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab, uning raqobatbardoshligi, optimal tranzit tariflari, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘rta koridorni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lash mintaqada ko‘p tarmoqli transport tizimini yaratadi. 2025 yil 12 noyabr kuni Toshkent shahrida transport vazirlari, logistika kompaniyalari rahbarlari va ekspertlar ishtirok etishi kutilayotgan Multimodal transport bo‘yicha Xalqaro forum bu boradagi muhim voqea bo‘ladi.

Ustivor loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun Mirziyoyev Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

O‘zbekiston prezidenti xalqaro vaziyat haqida gapirar ekan, TDT tashqi ishlar vazirlari va razvedka xizmatlari rahbarlarining qo‘shma majlislarini o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.

«Dunyodagi eng og‘riqli muammolar, Yevroosiyo mintaqasida avj olayotgan va oxiri ko‘rinmayotgan nizo va urushlar, albatta, bizning davlatlarimizga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

G‘azo sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi, Afg‘onistonning barqarorligi masalalari barchamizni jiddiy tashvishga soladi.

Jahonning qudratli davlatlari tomonidan adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, o‘zaro ishonch va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladigan intilish va yangi rejalarni olqishlaymiz. O‘ylaymanki, global vaziyatni chuqur tahlil etish va kerakli qarorlar qabul qilish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining birgalikdagi uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borishni ham zamonning o‘zi taqozo qilmoqda», —

dedi Mirziyoyev va 2026 yili birinchi qo‘shma uchrashuvni Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Prezident texnologiya va innovatsiyalar sohasida «Sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasini qabul qilish» va O‘zbekistonda Turk dunyosi xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazishni taklif qildi.

Mirziyoyev «Jaholatga qarshi – ma’rifat» tamoyili asosida ilm-fan va ta’lim sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish muhimligini ta’kidladi. O‘zbekiston 2025-2026 yillarda 100 dan ziyod universitetlarni o‘z ichiga olgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qiladi. Kelgusi hafta Ittifoq Bosh Assambleyasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbari, shuningdek, O‘zbekistonda Xalqaro Turkiy Davlatlar Universiteti tashkil etilishini ma’lum qildi va ushbu oliygoh negizida Qo‘shma tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish ayni muddao bo‘lishini aytib o‘tdi.

O‘zbek yetakchisi yoshlar orasida yot va buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishining oldini olish maqsadida turkiy davlatlar makonida ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashishga qaratilgan Harakatlar rejasini qabul qilishni taklif qildi.

Mirziyoyev madaniy kun tartibida ikki buyuk shoirning yubileylari munosabati bilan «Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni taklif etdi.

ℹ️ Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) 2009 yil oktyabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, ilgari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) nomi bilan atalgan. Hozirda unga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston kiradi, Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev raisligidagi Gabala sammitida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Turkmaniston milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdi.

Sammit yakunlari bo‘yicha TDTga a’zo davlatlar rahbarlari quyidagi hujjatlarni imzoladilar:

✅ Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala deklaratsiyasi;

✅ Tashkilotga a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan hamkorlik qilish uchun «TDT+ (OTS Plus)» formatini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

✅ TURKSOY xalqaro tashkilotini mustahkamlash qarori.