Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi (IHK) Afg‘onistondagi inson huquqlari buzilishini tekshirish bo‘yicha mustaqil mexanizmni ma’qulladi, deya xabar beradi tashkilot matbuot markazi.
Qaror 6 oktyabr kuni BMT Inson huquqlari kengashining Jenevada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ovoz berishsiz va Kengashga a’zo davlatlarning e’tirozlarisiz qabul qilingan.
Afg‘onistonning Jenevadagi BMT elchisi Nosir Ahmad Andisha IHK qarorini tarixiy qadam deb atadi.
«Bu xalqaro hamjamiyat jinoyatlar oldida jim turmasligini anglatadi. Bu hech bir davlatga «Tolibon»*ni qo‘llab-quvvatlayotganini oqlash uchun o‘rin qoldirmaydi»— deya diplomat so‘zlarini keltiradi Khaama Press.
Mexanizm Yevropa Ittifoqi tashabbusi bilan qabul qilingan va turli mintaqalar va siyosiy bloklar davlatlarining keng koalitsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan rezolyutsiya doirasida yaratilgan. Uning maqsadi 2021 yil avgustida «Tolibon» hokimiyatga qaytganidan keyingi davrdagi Afg‘onistonda inson huquqlari buzilishi holatlarini tizimli ravishda hujjatlashtirish va tekshirishdan iborat.
Qaror jiddiy qonunbuzarliklar, jumladan qiynoqlar, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va gender asosidagi ta’qiblar uchun javobgar shaxslarga nisbatan kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sud jarayonlari uchun dalillar to‘plashni talab qiladi.
Hujjatda «Tolibon» tomonidan muntazam ravishda ta’lim, sog‘liqni saqlash va harakatlanish erkinligidan mahrum bo‘lgan ayollar va qizlarning ahvoliga alohida e’tibor qaratilgan. Kengash bu harakatlarni «gender asosidagi ta’qib» — insoniyatga qarshi jinoyatni tashkil etuvchi kamsitish shakli sifatida baholaydi. Mexanizm toliblarning yuqori martabali rahbarlari, viloyat gubernatorlari va huquqbuzarlik va repressiyalarda gumon qilingan xavfsizlik kuchlarining harakatlarini tekshiradi.
Rezolyutsiya, shuningdek, BMTning Afg‘onistondagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennet vakolatini bir yilga uzaytiradi. U o‘zining monitoring va omma oldida hisobot berish mandatini saqlab qoladi va yangi mexanizm bilan muvofiqlashtirish uchun unga qo‘shimcha resurslar beriladi. Bennet avvalroq Afg‘onistonda ayollar huquqlari «misli ko‘rilmagan orqaga qaytish»ga duchor bo‘layotganini ta’kidlagan edi.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari, jumladan, Human Rights Watch yangi mexanizmning o‘rnatilishini olqishlab, uni jabrlanuvchilar uchun adolatga erishish yo‘lidagi muhim yutuq deb atadi. HRW rezolyutsiya afg‘on va xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining Afg‘onistondagi tizimli jazosiz qolishlarni to‘xtatish haqidagi ko‘p yillik chaqiriqlariga javob bo‘lganini ta’kidladi. 2025 yil avgust oyida afg‘on huquq himoyachilarining HRD+ tarmog‘i boshchiligidagi koalitsiya 108 afg‘on va xalqaro tashkilotlar ko‘magida to‘rt yillik kampaniyani yakunlab, tergov mexanizmini yaratish chaqirig‘ini qayta e’lon qildi. O‘tgan bir yil davomida BMT ekspertlari va turli mintaqalardagi davlatlar ushbu tashabbusga qo‘shildi.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



