Japarov: Bugungi kunda qamoqxonalar jinoyatchilarni qo‘rqitmay qo‘ygani sabab, o‘lim jazosini joriy qilish kerak

Sadir Japarov. kabar.kg sayti fotosurati

O‘lim jazosini shuning uchun ham joriy qilish kerakki, hozirda qamoqxonalar jinoyatchilarni qo‘rqitmay qo‘ygan, chunki qamoqxonalardagi sharoitlar o‘ta yumshoq bo‘lib qolgan. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Kabar» axborot agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Mahkumlar rejimda yashaydi, uch mahal tekin ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlanadi, muassasalarda ishlash va maosh olish imkoniyatiga ega, ba’zilari esa oilasiga pul jo‘natadi, dedi prezident.

«Ilgari mahkumlar oilasi yoki yaqinlarining qamoqxonadan tashqaridagi yordamiga — oziq-ovqat, kiyim-kechak va pulga muhtoj edi. Bundan tashqari, ular uchun qamoqda o‘tirishning o‘zi yetarli bo‘lmay qolgan, ular o‘g‘rilar subkulturasini qo‘llab-quvvatlash uchun «o‘g‘rilar o‘lponi» orqali ham pul yig‘ishadi», — dedi Japarov.

Uning fikricha, o‘lim jazosining joriy etilishi jinoyatchilarni o‘z shashtidan qaytaradi yoki hech bo‘lmaganda jinoyatlar sonini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Japarovning so‘zlariga ko‘ra, zo‘ravonlik jinoyatlari, jumladan, qotillik va zo‘rlash ko‘payib borayotgani «jamiyat noroziligini kuchaytirib, uni chuqur larzaga keltirayotgani» tufayli o‘lim jazosini joriy etish zarurati dolzarb bo‘lib qolgan.

U 2021–2025 yillardagi statistik ma’lumotlarni keltirdi:

▪️ Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 122-moddasi («Qotillik») bo‘yicha 2021 yili 39 ta holat qayd etilgan bo‘lib, ulardan ikkitasi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar, bittasi 14–18 yoshdagi o‘smirlar va 36 tasi ayollar bilan bog‘liq bo‘lgan. 2022 yili 43 ta, 2023 yili 25 ta, 2024 yili yana 43 ta, 2025 yilning 8 oyida 28 ta jinoyat qayd etilgan;

▪️ 154-moddasi («Zo‘rlash») bo‘yicha jinoyatlarning ko‘payishi kuzatilgan: 2021 yili qayd etilgan 80 ta holatdan 2023 yili 175 taga ko‘paygan, keyin 2024 yili 107 taga va 2025 yilning 8 oyida 81 taga kamaygan.

Prezident, ayniqsa, bolalarga qarshi jinoyatlar ortib borayotganidan xavotirda: 2025 yili 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan 20 ta, 14-18 yoshli o‘smirlarga nisbatan esa 42 ta zo‘rlash holatlari qayd etilgan.

Japarov, ayniqsa, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchning pastligi sharoitida begunoh odamlarga nisbatan o‘lim jazosini o‘rinsiz qo‘llash xavfi haqida so‘ralganda, bunday xavflarni minimallashtirish uchun texnik va huquqiy kafolatlar zarur, deb javob berdi. U tergov ishlarini videotasvirlar asosida olib borishni, shaffoflikni oshirish uchun sud jarayonlarini jonli efirda ko‘rsatishni taklif qildi.

«Bundan tashqari, sud jarayoniga har ikki tomon vakillarini jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqilishi mumkin. Masalan, kechagi zo‘rlagan mahkumning onasi internet orqali jamoatchilikka murojaat qilib, «Men farzandim uchun o‘lim jazosiga roziman», dedi. Shu bois qarindoshlari sudda qatnashib, hammasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsa, ishonishadi», — dedi Japarov.

Prezident o‘lim jazosi faqat voyaga yetmaganlarni o‘ldirish va zo‘rlash uchun qo‘llanilishini ta’kidlab, korrupsiya holatlariga nisbatan qo‘llanilishini qat’iyan rad etdi. Uning tushuntirishicha, bu tushunchalarni birlashtirishda begunohlarni jazolash xavfi bor, chunki tizimda korrupsiya ayblovlaridan foydalanib, boshqalarga zarar yetkazadigan odamlar bo‘lishi mumkin. Japarovning ta’kidlashicha, mansabdor shaxslar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida tez-tez nizo kelib chiqadi va ular bir-biriga tuhmat qilishlari mumkin, qotillik va zo‘rlash holatlarida esa dalillarni soxtalashtirish ancha qiyin.

Tashabbusning qonuniyligi borasida Japarov Qirg‘iziston Konstitutsiyasi o‘lim jazosini taqiqlab, har bir insonning ajralmas yashash huquqini kafolatlashini ta’kidlaydi (25-modda). Bunday jazoni faqat referendum orqali joriy etish mumkin. Shu bois, Konstitutsiyaning 25-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi avvalo umumxalq muhokamasiga qo‘yiladi, so‘ngra Konstitutsiyaviy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi va yakunda referendum yo‘li bilan ma’qullanishi mumkin.

«Agar xalqning aksariyati buni qo‘llab-quvvatlasa, unda yangi Jogorku Kenesh (Qirg‘iziston parlamenti) xalqaro shartnomalardan chiqadigan, shuningdek, amaldagi kodeks va qonunlarga o‘zgartirishlar kirituvchi qonunlarni qabul qiladi», — deya xulosa qildi Japarov.

ℹ️ O‘lim jazosini joriy etish taklifiga 2025 yil sentyabr oyi oxirida Qirg‘izistonda keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan 17 yoshli Aysulu Mukashevaning o‘ldirilishi sabab bo‘lgan. Prezident mazkur holat yuzasidan olib borilayotgan tergov ishlarini shaxsan nazoratga oldi va Prezident Administratsiyasining Huquqiy ta’minot boshqarmasiga ayollar va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun hujjatlariga o‘zgartishlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.