Ispaniyada 10 oktyabrda, Qozog‘istonda esa 30 oktyabrda sovet GULAGiga tushib qolgan ikki ispaniyalik haqida hiqoya qiluvchi qozoq-ispan tarixiy dramasi «La tregua» («Sulh») prokatga chiqmoqda. Film real voqealarga asoslangan: Qarag‘andadagi Spassk-99 lagerida Ikkinchi jahon urushi davrida ispan askarlari joylashtirilgan. Ispaniyadagi fuqarolar urushidan so‘ng ular SSSRga kelib qolgan va majburiy mehnat lagerlariga surgun qilingan.
Espania.Me ning yozishicha, film Ispaniya fuqarolar urushi davrida qarama-qarshi tomonlarda jang qilgan va taqdir taqozosi bilan qozoq cho‘lidagi o‘sha sovet lageriga tushib qolgan ikki askar – kapitan Reyes (akter Aarón Piper) va leytenant Salgado (akter Miguel Herrán) haqida hikoya qiladi. Qattiq sharoitlarda omon qolish uchun sobiq dushmanlar mafkuraviy tafovutlarni yengib, birlashishga majbur bo‘lishadi.
Film rejissyori Miguel Ángel Vivas Netflixdagi ispan seriali «La casa de papel» (Qog‘ozli uy) bilan tanilgan. Suratga olish ishlari Ispaniyadagi Basklar o‘lkasining Álava provinsiyasida bo‘lib o‘tgan. U yerda Sovet qamoq lageri sharoitlarini qayta tiklash uchun kazarma va tikanli simlardan iborat dekoratsiya qurilgan. Suratga olish guruhi dasht qishining naqadar og‘ir ekanini ishonchli chiqishi uchun tonnalab sun’iy qorlardan foydalangan.
San-Sebastyan kinofestivalida birinchi qozoq-ispan kinofilmi maxsus namoyishda taqdim etildi va u tomoshabinlar va tanqidchilarda katta taassurot qoldirdi — olqishlar, ko‘z yoshlari va qizg‘in muhokamalar bilan. Qozog‘istonlik kinoijodkorlar ham ushbu loyihani yuqori baholadilar.
«Biz buni haqiqatan ham nafaqat prodyuserlar jamoasi uchun, balki mamlakatimiz, umuman Qozog‘iston uchun chinakam yutuq, deb hisoblaymiz», – deydi film muvaffaqiyati haqida gapirar ekan, ijrochi prodyuser Dair Karakeyev.
Ispan va rus tillarida suratga olingan 150 daqiqalik film Netflix va RTVE ko‘magida Ispaniyaning Plano a Plano kompaniyasi hamda Qozog‘istonning Spassks99 va Amanat Capital kompaniyalari hamkorligida suratga olingan. Dunyo bo‘ylab prokatdan so‘ng film Netflix platformasida namoyish etiladi.
 
		 
			 
			 
			 
			 
			 
			

