Rossiya armiyasida shartnoma bo‘yicha xizmat qilgan o‘zbekistonlik fuqaro qamoq jazosiga hukm qilindi

Namangan viloyati sudi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan 55 yoshli O‘zbekiston fuqarosini ikki yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda sud qarori nusxasiga tayangan holda Podrobno.uz xabar berdi.

Ish materiallariga ko‘ra, 2023 yil iyun oyida erkak Rossiyaga ishlagani jo‘nab ketadi. Biroq, unga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma taklif qilishadi, keyinchalik Rossiya fuqaroligini olish va qonuniy ishga joylashish va’dasi bilan. 2023 yil iyul oyida u bir yillik shartnoma imzolaydi va xizmat joyiga yuboriladi.

Belgorod viloyatida u «Ded» chaqiruv belgisi ostida harbiy texnikani ta’mirlash ishlarini qilgan holda xizmat o‘tagan. Sud hujjatlari uning front oldi liniyasiga jo‘natilmaganini ko‘rsatadi. Xizmat davomida u 700 000 rubl miqdorida bir martalik to‘lov, shuningdek, oylik nafaqa olgan. 2024 yil may oyida u sog‘lig‘i bilan bog‘liq holda bo‘shatilgan, shundan so‘ng u O‘zbekistonga qaytib kelgan va keyinchalik sudlangan.

Tergov jarayonida erkak o‘z aybiga iqror bo‘lgan. U shartnomaga faqat moliyaviy manfaat yo‘lida rozi bo‘lganini tushuntirgan.

Sud ayblanuvchining o‘z ixtiyori bilan xorijiy armiya safiga borib, qurolli to‘qnashuvda qatnashganini isbotlangan deb topgan. U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi («Yollanish») bilan aybdor deb topilgan.

ℹ️ O‘zbekiston fuqarolarining 154-modda bo‘yicha sudlanganligi bilan bog‘liq yana bir qancha holatlar avvali ham ma’lum bo‘lgandi. Masalan, avvalroq Rossiya fuqaroligini olgan Buxoro viloyatida tug‘ilgan 32 yoshli fuqaro Lugansk viloyatidagi jangovar harakatlarda qatnashgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Farg‘ona viloyatida yashovchi 22 yoshli fuqaro ham Moskvadagi oliy o‘quv yurtlaridan birida talaba bo‘lgan vaqtida immigratsiya qoidalarini buzgani uchun hibsga olingan va deportatsiya o‘rniga unga harbiy xizmatni o‘tash taklif qilingan. U Lugansk va Donetskdagi janglarda qatnashgan va u vataniga qaytgach, sudlangan. Uning dastlabki besh yillik qamoq muddati uch yillik sinov muddati bilan shartli jazoga o‘zgartirilgan.