Japarov Qirg‘izistonda sun’iy yo‘ldoshli internet loyihasini amalga oshirishni ma’qulladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov respublikaning borish qiyin bo‘lgan hududlarida internetdan foydalanishni kengaytirish uchun geostatsionar bo‘lmagan sun’iy yo‘ldosh tizimlaridan foydalanish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirishga oid farmonni imzoladi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Qirg‘izistonda ilk bor amalga oshirilayotgan loyiha an’anaviy aloqa texnologiyalari mavjud bo‘lmagan yoki cheklangan hududlarda internetga kirish imkonini beruvchi geostatsionar bo‘lmagan sun’iy yo‘ldosh tizimlari orqali internet xizmatlarini taqdim etadi. Bu mamlakatning raqamli rivojlanishini jadallashtirish, raqamli tafovutni bartaraf etish, innovatsion telekommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun sharoit yaratadi.

«Mamlakatning eng olis go‘shalarida ham yuqori sifatli internetdan foydalanish ta’lim, sog‘liqni saqlash, biznes va davlat xizmatlarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, respublikaning barcha fuqarolari turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Tajriba loyihasi 2025 yil 6 oktabrdan 2026 yil 5 oktabrgacha davom etishi rejalashtirilgan.

Loyihada Prezident qarorida belgilangan talablarni bajarishga tayyor bo‘lgan barcha xalqaro sun’iy yo‘ldosh internet operatorlari ishtirok etishlari mumkin. Ushbu yondashuv bozorda sog‘lom raqobatni ta’minlash, turli texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish, potensial texnik va huquqiy to‘siqlarni aniqlash hamda Qirg‘izistonda sun’iy yo‘ldosh internetini kelajakda tartibga solish uchun asos yaratishga qaratilgan, deya ta’kidlaydi matbuot xizmati.

Tajriba bosqichi yakunlanganidan so‘ng davlat organlari test sinovlari natijalari bo‘yicha batafsil hisobot tayyorlaydi va ushbu sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha mamlakat rahbariyatiga tavsiyalar beradi.