OAV: Afg‘onistonning eng boy odamlaridan biri «Abbos-dollar» O‘zbekistonda hibsga olindi

Abbos Ibrahimzoda. amu.tv sayti fotosurati

Afg‘oniston parlamenti raisining sobiq o‘rinbosari, Balx viloyatidan sobiq deputat, Afg‘onistonning yirik tadbirkorlaridan biri Abbos Ibrohimzoda (Abbas Ibrahimzada) Toshkentda hibsga olindi. Bu haqda Amu.tv o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Uning manbalariga ko‘ra, Ibrohimzoda 24 sentyabr oqshomida biznesdagi raqobatchilari tomonidan berilgan ko‘plab shikoyatlar ortidan qo‘lga olingan va 350 ming dollardan ortiq garov puli qo‘yganiga qaramay, hibsda qolmoqda.

Hozircha O‘zbekiston rasmiylari bu borada rasmiy izoh bermagan.

ℹ️ Abbos Ibrohimzoda — hazora millatiga mansub tadbirkor va siyosatchi. 1990 yillarning boshidan Afg‘onistonning eng yirik tadbirkorlaridan biri bo‘lgan, Balx viloyatidagi pul almashtiruvchilar uyushmasini boshqargani uchun unga «Abbos-dollar» laqabi berilgan. U asos solgan Ibrahimzada Group yigirmadan ortiq shirkatni birlashtirgan, Balxdagi xususiy televideniye tarmog‘ini nazorat qilgan, ta’lim va xayriya ishlariga sarmoya kiritgan. Xususan, Ibrahim Zada Group Charity Foundation xayriya fondi ayollarga savodxonlikni o‘rgatish bilan shug‘ullangan. Guruhga butun mamlakat bo‘ylab uchta universitet (ikkitasi Balxda, bittasi Kobulda), ikkita kollej va 30 ta o‘rta maktab, shuningdek, Mozori Sharifda 200 o‘rinli zamonaviy shifoxona qarashli bo‘lgan. (Toliblar* hokimiyat tepasiga kelgach, ko‘plab maktablar yopilgan, chet ellik o‘qituvchilar ketishgan va o‘qituvchilar maoshlari tushib ketgan).

Ibrohimzoda ikki marta Afg‘oniston parlamentining quyi palatasi – Volesi Jirg‘a deputati etib saylangan. 2019 yili u Hizb-i-Vahdati Navini Afg‘oniston (Yangi Afg‘oniston Birlik partiyasi) tashkilotiga asos solgan, bu partiya Afg‘onistondagi shia hazoralari orasida uchinchi yirik partiyaga aylangan. Partiyaning bir millionga yaqin tarafdorlari bo‘lgan, parlamentda vakili bo‘lgan va ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan.

Respublikaning so‘nggi yillarida Ibrohimzoda Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan benzin va gaz, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Uning O‘zbekiston bilan chegaradosh Hayraton shahridagi benzin va gaz ombori 50 ming tonnadan ortiq sig‘imga ega bo‘lgan.

2021 yilning yozida Ibrohimzoda qurolli kuchlari ikki oy davomida Mozori Sharifni toliblardan himoya qilgan. Toliblar mamlakatda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, Ibrohimzoda Afg‘onistonni tark etib, Turkiyada yashay boshlagan.

Toshkentga qachon ko‘chib kelgani noma’lum.

Amu.tv xabariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida Ibrohimzoda O‘zbekiston iqtisodiyotiga, birinchi navbatda, transport va un sanoatiga 50 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan.

2023 yili toliblar Afg‘onistondagi tadbirkorning 19 ta tijorat mulkini, jumladan oltita yoqilg‘i quyish shoxobchasi, ikkita kasalxona, bir telekanal, ikkita oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash zavodi, beshta savdo markazi, ikkita turar-joy majmuasi va «Hayratan» stansiyasidagi sanoat obyektini muhrlab qo‘ygan.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.