Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITSM) Britaniyaning Momtaz Islamic Art galereyasi kolleksiyasidan XVIII asr boshlariga mansub qand boltasini sovg‘a sifatida qabul qildi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Uzunligi 31 sm bo‘lgan bolta eronlik hunarmandlar tomonidan o‘yma po‘latdan yasalgan. U o‘sha davrda to‘y va tantanalarda shirinliklar olib kirish, ziyofatlarni bezashda qo‘llanilgan.
Artefakt 26-27 sentyabr kunlari ITSMda bo‘lib o‘tgan «Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» xalqaro forumi yakunlari bo‘yicha maxsus marosimda kolleksioner Irina Momtaz tomonidan shaxsan taqdim etildi.
«Sizning muzeyingiz dunyoda ilk bor barcha ashyolarni yaxlit holda, bir butun tarixiy manzarada namoyon eta olgan. Eksponatlar go‘yo tirikdek ko‘rindi, bu holatni boshqa muzeylarda hech qachon ko‘rmaganman», — dedi Irina Momtaz sovg‘ani taqdim etarkan. Bolta ITSM kolleksiyasini yana bir artefaktga boyitadi.
«Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» mavzuidagi forum Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan tashkil etildi. Tadbirda 20 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq olim va ekspertlar ishtirok etdi. TURKSOY, ISESCO, IRSICA, Al-Furqan kabi milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlarning vakillari ekspert sifatida ishtirok etdi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



