Qirg‘iziston muftiysi Abdulaziz qori Zokirov erkaklarni ayollarga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga chaqirar ekan, ularga nisbatan zo‘ravonlik «gunohi kabira va Alloh taologa qarshi qilingan ish» deya ta’kidladi. Din arbobi so‘zlarini «Kabar» milliy agentligi keltirgan.
Muftiy ayollar jamiyatning yuragi, oila posboni, bo‘lajak ona ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, islomda qizlarga mehr-muruvvatli bo‘lish rag‘batlantirilgan va «jannat onalar oyog‘i ostida» ekani aytilgan.
Zokirov Qur’onga ko‘ra musulmon erkaklariga buzuqlik va begunoh qon to‘kish qat’iyan man etilgani, ayolga nisbatan har qanday zo‘ravonlik o‘z onasiga yoki qiziga tajovuz, deya hisoblanishini eslatib o‘tdi.
Muftiyning ta’kidlashicha, qirg‘izlar azaldan ayol qadr-qimmatini hurmat qilgani bilan mashhur bo‘lgan: qizlarga sharafli o‘rinlar berilgan, onalar esa malika sifatida ulug‘langan. Ammo bugungi kunda, Zokirov ta’kidlaganidek, mamlakatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘paygan. U bunday hodisalarni «fojia va jamiyat uchun sharmandalik» deb atadi.
«Erkakning haqiqiy kuchi qo‘pollikda emas, balki rahm-shafqat va o‘zini tuta bilishdadir. Ayolni hurmat qilish iymondandir!» — dedi u.
Ushbu mavzuni davom ettirgan ulamo erkaklarni o‘g‘illarini odob-axloq, or-nomus ruhida tarbiyalashga, o‘g‘il bolalar har bir qizga o‘z opasi yoki qizidek munosabatda bo‘lishlariga chaqirdi.
«Alloh taolo ayollarni hurmat qilganlarni ulug‘laydi, zolimlarni ham bu dunyoda, ham oxiratda jazolaydi», — deya xulosa qildi muftiy.
Sentyabr oyi oxirida zo‘rlangan va bo‘g‘ilib o‘ldirilgan 17 yoshli qorako‘llik qiz taqdiri Qirg‘izistonda keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Tez orada xavfsizlik kuchlari gumonlanuvchini, 1984 yilda tug‘ilgan, ilgari sudlangan shaxsni qo‘lga olgan.
Prezident Sadir Japarov mazkur jinoyatga e’tibor qaratib, ishni shaxsiy nazoratiga oldi. Bundan tashqari, davlat rahbari pedofillar, shuningdek, ayollarni zo‘rlab, so‘ng o‘ldirganlik uchun o‘lim jazosini joriy etishni buyurdi.



