Afg‘onistonda qariyb 72 soat davom etgan umummilliy o‘zilishdan so‘ng internet va telekommunikatsiyalardan foydalanish tiklandi, deya xabar beradi Khaama mamlakatning turli mintaqalaridagi manbalariga tayanib.
1 oktyabr kuni tushdan keyin NetBlocks xalqaro veb-monitoring xizmati qisman xizmat tiklangani haqida xabar berdi.
«Interfaks»ning Associated Press agentligiga tayanib xabar berishicha, toliblar internetni ataylab o‘chirib qo‘ygani haqidagi xabarlarni rad etib, muammoni shikastlangan optik tolali kabellarni ta’mirlash ishlari bilan bog‘lashgan. Biroq, mazkur yangilik Associated Press saytidan olib tashlangan. Amerika axborot agentligiga tayangan «Tolibon»* harakatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid bu borada hech qanday izoh bermasligini ta’kidlagan va Associated Press xabarini yolg‘on deb atagan.
Afghanistan International tashkilotiga ko‘ra, Afg‘oniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Mulla Hasan Oxund buyrug‘i bilan internetga kirish tiklangan. O‘sha nashr avvalroq toliblar yetakchisi Haybatulloh Oxundzodaning og‘zaki buyrug‘i bilan internet o‘chirilgani haqida xabar bergandi. Afg‘oniston telekommunikatsiya kompaniyalari internetning butunlay o‘chirilishi mamlakat oliy rahbariyatining bevosita buyrug‘i bilan amalga oshirilganini tasdiqlagan.
Afg‘oniston bo‘ylab internet va telefon xizmatining yo‘qligi darhol hukumat va tijorat operatsiyalariga ta’sir qilgan. Mamlakat aholisi asosiy xizmatlardan va tashqi dunyo bilan aloqadan mahrum bo‘lgan. Xorijdagi afg‘onlar vatandagi qarindoshlariga pul jo‘nata olmagan. Xorijda davolanmoqchi bo‘lganlar afg‘on banklaridan foydalana olmayotgani va tibbiy xizmatlar uchun pul to‘lay olmayotgani sabab, kasalxonaga yotish va jarrohlik amaliyotini keyinga surishga majbur bo‘lishgan. Aksariyat telekanallar faoliyatini to‘xtatgan,30 sentyabr kuni Kobul aeroportida barcha reyslar bekor qilingan.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



