Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov pedofillar, shuningdek, ayollarni zo‘rlab, keyin ularni o‘ldirgan qotillar uchun o‘lim jazosini tiklashni buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lum qildi.
«Prezident o‘z Administratsiyasining Huquqiy ta’minot bo‘limi mudiri Murat Ukushevga bolalar, qizlar va ayollarga nisbatan jinoyatlar uchun eng og‘ir jazoni nazarda tutuvchi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish loyihasini ishlab chiqishni topshirdi. Jumladan, bu bolalarni zo‘rlash, shuningdek, ayollarni zo‘rlab, so‘ng o‘ldirganlik uchun o‘lim jazosini joriy etish bilan bog‘liq», — dedi Alagozov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Japarov sentyabr oyi oxirida zo‘rlangan va keyin bo‘g‘ib o‘ldirilgan 17 yoshli qorako‘llik qizning o‘limiga nisbatan shunday javob qaytargan. Bishkekda 1984 yili tug‘ilgan, ilgari sudlangan shaxs gumon qilinib, qo‘lga olingan.
Japarov bolalar va ayollarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar jazosiz qolmasligini ta’kidladi, deya qo‘shimcha qilgan Alag‘ozov. Prezident qizning o‘ldirilishi bo‘yicha ishni shaxsan nazorat ostida olgan.
Bir kun avval, 30 sentyabr kuni Qirg‘iziston qonun hujjatlari loyihalari jamoatchilik muhokamasi portalining «Fuqarolar takliflari» bo‘limida «voyaga yetmaganlarning hayoti va jinsiy daxlsizligiga qarshi o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun jazoning alohida chorasi sifatida» o‘lim jazosini joriy etish haqidagi chaqiriq e’lon qilingan edi. Biroq, taklif muallifiga ko‘ra, o‘lim jazosi ayollar va voyaga yetmaganlarga nisbatan qo‘llanilmasligi kerak.
ℹ️ Qirg‘izistonda 1998 yili qatllarga moratoriy e’lon qilinganda, jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilingan, biroq sudlar uzoq vaqt davomida o‘lim jazosi hukmini chiqarishda davom etgan. 2007 yili o‘lim jazosi amalda bekor qilindi, o‘shanda u umrbod qamoq jazosi bilan almashtirildi. Bungacha 2006 yili Qirg‘iziston Konstitutsiyasidan o‘lim jazosi haqidagi eslatma olib tashlandi, 2010 yili esa mamlakat o‘lim jazosini taqiqlovchi va uni qaytadan joriy qilmaslik majburiyatini olgan xalqaro protokolni ratifikatsiya qilgan. Uni qayta tiklash uchun mamlakat Asosiy qonuniga o‘zgartirishlar kiritish va referendum o‘tkazish kerak bo‘ladi.
Qirg‘izistonda pedofillar uchun o‘lim jazosini qayta tiklash chaqirig‘i bir necha bor yangragan. Masalan, 2022 yil oktyabr oyida Jogorku Kenesh (mamlakat parlamenti) bir guruh deputatlari shunday istak bildirishgandi. Huquq himoyachilari adolatli va mustaqil sud tizimi bo‘lmasa, uning joriy etilishi erta va xavfli, deya o‘lim jazosiga qo‘yilgan taqiqning bekor qilinishiga qarshi chiqishgandi.



