Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda zaharlangan bolalarning barchasi shifoxonalarni tark etdi

repost.uz sayti fotosurati

Toshkent viloyatida zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan barcha bog‘cha tarbiyalanuvchilari shifoxonalarni tark etdi va uylariga jo‘natildi. Bemorlar tuzalib ketishdi, ularning sog‘lig‘iga hech qanday xavf yo‘q. Bu haqda 30 sentyabr kuni O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (MMTV) matbuot xizmati xabar berdi.

Bir necha kun avval xabar qilinganidek, viloyatning bir qancha tumanlaridagi 1940 nafar bog‘cha bolalari shifoxonalarga yetkazilgan, ularning yarmidan ko‘prog‘iga tibbiy yordam ko‘rsatilgach, uylariga jo‘natilgandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 28 sentyabr kuni ertalab 182 nafar bola tibbiy kuzatuvda qolgan; 29 sentyabrda bu raqam 38 taga kamaygan.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, ommaviy zaharlanish holatlari qayd etilgan barcha bolalar bog‘chalari 2 oktabrdan normal ish faoliyatini boshlaydi.

Vazirlikning aniqlik kiritishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanish xususiy kompaniyalar tomonidan autsorsing tizimi orqali ta’minlanadi. Bundan tashqari, shartnoma sanitariya talablari va standartlariga rioya qilishni talab qiladi.

Shu bilan birga, mutasaddilar Toshkent viloyatida sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmalariga olishlarini tushunib, oziq-ovqat sifati nazoratini kuchaytirishmoqda. Xususan, jarayonga ota-onalar, ekspertlar va jurnalistlardan iborat jamoat komissiyasi jalb etiladi. Ishchi guruh xulosalari muntazam ravishda omma e’tiborida havola qilinadi.

Hozirda huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda favqulodda holat sabablari o‘rganilmoqda. Oziq-ovqat yetkazib beruvchilar tomonidan kamchiliklar aniqlansa, tegishli shartnomalar qayta ko‘rib chiqiladi yoki bekor qilinadi, deya ogohlantirdi vazirlik.

«Farzandlarimiz salomatligi – bu eng katta mas’uliyat. Sanitariya talablari yoki oziq-ovqat sifatiga rioya qilmaslik orqali xarajatlarni kamaytirishga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — dedi vazirlik.

ℹ️ Toshkent viloyatidagi bolalar bog‘chalarida sodir bo‘lgan ommaviy zaharlanishdan birinchi jabrlanganlar 24 sentyabr kuni shifokorlarga murojaat qila boshlagan. Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga «oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi» tashxisi qo‘yilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar salomatligining yomonlashishiga sifatsiz sut mahsulotlari, xususan, yog‘liligi 3,2 foiz bo‘lgan kefir sabab bo‘lgan.

Zaharlanish holati yuzasidan jinoiy ish ochilgan. Keyinroq gumonlanuvchilar haqidagi ma’lumotlar e’lon qilindi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari yetti kishini hibsga olgan. Ulardan 3 nafari hodisaga aybdor ekani aytilayotgan sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxona xodimlari, qolganlari esa maktabgacha ta’lim muassasalariga oziq-ovqat yetkazib beruvchi kompaniyalar vakillaridir.