Qozog‘iston Xitoydan tranzit yo‘li hisoblanmish «Do‘stiq-Mo‘yinti» temir yo‘lining ikkinchi liniyasini ishga tushirdi

akorda.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev «Do‘stiq-Mo‘yinti» temir yo‘lining ikkinchi liniyasini ishga tushirdi, deb xabar beradi Oqo‘rda matbuot xizmati.

Bu yo‘nalish Qozog‘istonni Xitoyning Alashankousi bilan bog‘laydi. Ochilish marosimida To‘qayev «deyarli uch yil kechayu kunduz tinmay mehnat qilgan» qozog‘istonlik ishchilarning mashaqqatli mehnati tufayli temir yo‘l muddatidan avval ishga tushirilganini ta’kidladi. Ushbu yangi liniya tufayli yuk tashish hajmi besh barobar ortadi.

«Eksport tovarlarini yetkazib berish muddatlari qisqaradi, tranzit salohiyati mustahkamlanadi», — dedi To‘qayev.

Ikkinchi liniya ochilgandan so‘ng butun yo‘nalishning o‘tkazish qobiliyati sutkada 12 juftdan 60 juft poyezdga, konteynerlar harakati tezligi esa kuniga 1500 km gacha ko‘tariladi. «Yangi liniyalarning ishga tushirilishi Qozog‘istonning Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi temir yo‘l tranzitida ustun mavqeini saqlab qolishga yordam beradi», — deb yozadi prezident yordamchisi Ruslan Jeldibay Telegram-kanalida.

Jami Qozog‘iston 2027 yilgacha 1700 kilometrdan ortiq yangi temir yo‘l qurishni rejalashtirmoqda. Xitoydan yuk tashishni tezlashtirish uchun Olmaota atrofida aylanma yo‘l qurilishi ham shu yil yakunlanishi kutilmoqda.