Turkiya kompaniyasi O‘zbekiston davlatining Samarqand avtomobil zavodidagi ulushini 80 mln dollarga sotib oladi

sputniknews.uz sayti fotosurati

Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasi O‘zbekiston davlatining Samarqand avtomobil zavodi (SamAuto) qo‘shma korxonasidagi 75,2 foiz ulushini 80 million dollarga sotib olishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Markaziy Osiyo respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlikning aniqlik kiritishicha, investorning narx taklifi bitimning moliyaviy maslahatchisi KPMG xalqaro firmasi tomonidan belgilangan diapazonda, shuningdek, PwC mustaqil baholovchisi hisob-kitoblariga mos keladi.

Turkiyalik hamkorlar Samarqand zavodidagi davlat ulushini 80 million dollarga sotib olishdan tashqari, keyinchalik zavodni rivojlantirish uchun ham xuddi shunday mablag‘ yo‘naltiradi.

Xususan, Anadolu Isuzu O‘zbekistonda katta sig‘imli (12-18 metr) avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, butun mamlakat bo‘ylab litsenziyalangan servis markazlarini tashkil etish, mahsulotlarni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga eksport qilish majburiyatini oladi. Ushbu tashabbus O‘zbekistonda mintaqaviy transport xabini tashkil etishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakillari Samarqand avtomobil zavodi ulushini sotish xususiylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qildi. Ta’kidlanishicha, qo‘shma korxona egalari qatoriga Yaponiyaning Itochu va Isuzu Motors kompaniyalari kiradi, ularning har biri 12,4 foizni nazorat qiladi. Rasmiylarga ko‘ra, Quyosh chiqar mamlakati korporatsiyalari O‘zbekistonning SamAutodagi davlat ulushini turk kompaniyasiga sotish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.

Biroq, bitimni yakunlash uchun Turkiyaning nazorat organlarining ruxsati ham talab qilinadi, deya ta’kidlaydi O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

ℹ️ Anadolu Isuzu kompaniyasi 1965 yili Anadolu Group (Çelik Montaj) xolding kompaniyasi tarkibida tashkil etilgan. Darvoqe, ushbu xolding kompaniyasi O‘zbekistonda faoliyat yuritish tajribasiga ega. 2021 yili turk kompaniyasi Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan MCHJning 57,1 foiz davlat ulushini 252,2 million dollarga sotib olgandi. Keyinchalik xorijlik investor kompaniyani rivojlantirish uchun 250 million dollarga yaqin sarmoya kiritdi, ikkita yirik zavod qurdi va bitta ishlab chiqarish binosini modernizatsiya qildi.

ℹ️ Samarqand avtomobil zavodi 1996 yili Turkiyaning Koc Holding kompaniyasi bilan hamkorlikda «AvtoVAZagregat» korxonasi hududida tashkil etilgan. Bugungi kunda qo‘shma korxona Isuzu shassisidan foydalangan holda yuk avtomobillari va avtobuslar, shuningdek, Isuzu D-Max pikaplarini ishlab chiqaradi.