Afg‘onistonning Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi (ATRA) ofisi. afintl.com sayti fotosurati
NetBlocks xalqaro monitoring xizmati xabariga ko‘ra, 29 sentyabr kuni butun Afg‘oniston bo‘ylab internetga kirish uzilib qolgan.
«Afg‘onistonda hozirda Internet to‘liq o‘chib qolgan, chunki «Tolibon»* ahloqni ko‘tarishga harakat qilmoqda, natijada ertalab bir necha tarmoqlar bosqichma-bosqich yopildi; hozirda telefon aloqalari ham uzilib qolgan», — deyiladi xabarda.
Afg‘oniston bo‘ylab internet va telefon xizmatining yo‘qligi darhol hukumat va tijorat xizmatlariga, xususan, banklar, bojxona xizmatlari va televideniye tarmoqlariga ta’sir qilgan. O‘n minglab mijozlar bank xizmatlaridan mahrum bo‘lgan, yuzlab yo‘lovchilar aeroportlarda qolib ketgan, pul o‘tkazmalaridan tortib, bojxona rasmiylashtiruvigacha bo‘lgan ko‘plab muhim operatsiyalar yakunlanmay qolgan.
Aviakompaniyalar Afg‘onistonga parvozlarni vaqtincha to‘xtatgan: aloqa yo‘qligi sababli ekipajlar qo‘nish va jo‘nab ketish ma’lumotlarini ololmagan. TOLO, Shamshad, Lemar va Tamadon kabi yirik Afg‘oniston telekanallarining saytlari va striming platformalari oflayn rejimga o‘tgan. Faqat RTA va Maarif kabi toliblar nazoratidagi kanallar efirda qolmoqda. Xalqaro agentliklar, jumladan AFP jurnalistlari mamlakat ichidagi hamkasblari bilan aloqa uzilganini tasdiqlagan.
Shahar va qishloq aholisi qarindosh-urug‘lari bilan bog‘lanish, tovar pulini to‘lash, tibbiy yordam olish, masofadan turib o‘qish va ishlash imkoni yo‘qligidan ommaviy shikoyat qilishmoqda.
▶️ Afghanistan International ma’lumotlariga ko‘ra, internet toliblar yetakchisi Haybatulloh Oxundzodaning og‘zaki buyrug‘i bilan yopilgan. Afg‘onistonning Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi (ATRA) Roshan, Etisalat, Afghan Wireless va Afghan Telecom provayderlariga mamlakat bo‘ylab, jumladan Kobulda keng polosali internet xizmatini keyingi topshiriqqa qadar butunlay to‘xtatishni buyurgan.
Avvalroq Iqtisodiyot, Moliya vazirliklari va Markaziy bank vakillari o‘z muassasalari internetsiz ishlay olmasligini ta’kidlab, butun mamlakat bo‘ylab internetni o‘chirish qaroriga qarshi chiqqan edi. Biroq manbalarga ko‘ra, Oxundzoda ularning dalillarini rad etib, yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etilishini tushuntirgan.
«Mulla Umar davrida internet bo‘lmagan, lekin ishlar normal davom etgan. Shuning uchun biz endi muqobil usullarni topishimiz kerak», — deya javob bergan Oxundzoda.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



