O‘zbekistonda mingga yaqin ko‘p qavatli uylar isitish mavsumiga tayyor emas

yuz.uz sayti fotosurati

O‘zbekistonda 9 ming 800 ko‘p qavatli uyning mingga yaqini isitish mavsumiga tayyor emas. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Rasmiylarga ko‘ra, 640 ta maktab va bog‘chadan 125 tasi ta’mirlanmagan. Bundan tashqari, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida qozonxonalarni modernizatsiya qilish ishlari tugallanmagan. Shu bois davlat rahbari ikki hafta muddatda kamchiliklarni to‘liq bartaraf etishni, nimstansiyalar, elektr tarmoqlari, suv tarmoqlarini tayyor holatga keltirishni talab qildi.

Mirziyoyevga bugungi kunga qadar aholiga 55 ming tonna, jumladan, 381 chekka aholi punktiga 9 ming tonna ko‘mir yetkazib berilgani xabar qilindi. Biroq, omborlarda taxminan 27 ming tonna ko‘mir tarqatilmagan.

Prezident aholiga yoqilg‘ini tezkorlik bilan yetkazib berish, qish mavsumida iste’molchilarga 330 ming tonna suyultirilgan gazni kafolatli yetkazib berish bo‘yicha topshiriq berdi. Mirziyoyev gaz va elektr energiyasining uzluksiz ta’minoti uchun tegishli vazirlik va idoralar vakillari shaxsan javobgar ekanini ta’kidladi.

Yig‘ilishda «Yashil makon» dasturini amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Rasmiylarga ko‘ra, bu yil bahorda ekilgan 137 million ko‘chatning 27,5 millioni qurib qolgan. Sababi – bahor va yoz o‘rtasida issiq kunlar tez kelib qolishi oqibatida ekilgan ko‘chatlar unishga ulgurmagan, ularga odatdagidan 2-3 barobar ko‘p suv sarflashga to‘g‘ri kelgan.

Shu munosabat bilan daraxtni kuzda ekishni ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu yilgi kuz mavsumida 125 million tup daraxt va buta, bahorda yana 75 millionta ekish rejalashtirildi. Bunda sug‘orish tizimi va imkoniyati yo‘q joylarga ko‘chat ekmaslik talab qilib qo‘yildi.

Urbanizatsiya jarayoni tezlashib borayotgani shaharlar va viloyat markazlarida yashillik darajasini oshirishni taqozo etmoqda. Shaharlarni «yashil» standartlarga muvofiq ilmiy asosda rivojlantirish maqsadida olimlar, urbanistlar va ekologlar ishtirokida Toshkent va Nukus shaharlari, barcha viloyat markazlarining «yashil» master rejalari ishlab chiqilishi belgilandi.