1990-2004-yillari O‘zbekistonning eng nufuzli siyosatchilaridan biri bo‘lgan Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida vafot etdi. Bu haqda Bu haqda u so‘nggi yillarda vazirning maslahatchisi lavozimida ishlab kelgan Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ismoil Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentyabrda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1955 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan. Sovet davrida O‘zbekiston SSR melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, O‘zbekiston SSR Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Respublika Vazirlar Kengashi va Davlat Agrosanoat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 9—11-chaqiriqlar O‘zbekiston SSR Oliy Soveti deputati etib saylangan.
O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida Jo‘rabekov mamlakat agrosanoat kompleksiga rahbarlik qilgan. 1994-1998-yillari u Bosh vazir o‘rinbosari, Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, 2000-2004-yillari O‘zbekiston Prezidentining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.
Jo‘rabekovni O‘zbekistonning birinchi prezidenti, 2016 yil sentyabrigacha mamlakatni boshqargan Islom Karimovning ustozi va mamlakatdagi eng nufuzli shaxs deb bilishgan.
Jo‘rabekovning siyosiy faoliyati 2004 yil fevralida yakuniga yetadi. Uning prezident davlat maslahatchisi lavozimidan iste’foga chiqishi «nafaqaga chiqqanligi sababli» iborasi bilan izohlangan. Biroq, oradan bir yil o‘tib hukumatning «Narodnoye slovo» gazetasida Jo‘rabekov faoliyatini keskin tanqid qiluvchi maqola chop etilgan.
Maqola muallifi, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Jo‘rabekovning qishloq xo‘jaligiga bozor usullarini joriy etish bo‘yicha hukumat islohotlarini amalga oshirolmagani va sohaning ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor bermagani, bular o‘z navbatida ishlab chiqarishning pasayishiga sababchi bo‘lgani va mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazgani haqida yozgan. Qolaversa, Jo‘rabekov maslahatchi sifatida faoliyat yuritayotganda o‘z vakolatlari doirasidan tashqari o‘zboshimchalik bilan qarorlar qabul qilgan, boshqaruv ishlariga noqonuniy aralashgan, noto‘g‘ri ko‘rsatmalar bergan va bu salbiy oqibatlarga olib kelgan.
Jo‘rabekovga nisbatan davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va mansab vakolatini suiiste’mol qilish aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, biroq u o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, shuningdek, yoshi (73) va sog‘lig‘i sababli jinoiy javobgarlikka tortish prezidentning 2004 yil 1 dekabrda mamlakat Konstitutsiyasining o‘n ikki yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi farmoni asosida to‘xtatilgan.
Uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng Jo‘rabekov davlat xizmatiga qaytadi – 2021 yili Suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi etib tayinlanadi.



