Toshkent viloyatida bog‘cha tarbiyalanuvchilarining ommaviy zaharlanishiga aloqador yetti kishi qo‘lga olindi. Ulardan uch nafari hodisaga sababchi bo‘lgan sut korxonasi xodimlari, qolganlari esa maktabgacha ta’lim muassasalariga oziq-ovqat yetkazib beruvchi shirkat vakillaridir. Bu haqda davlat idoralaridagi manbalariga tayanib, «Gazeta.uz» xabar berdi.
Bir necha kun avval xabar qilinganidek, viloyatning bir qancha tumanlaridagi 1940 nafar bog‘cha bolalari shifoxonalarga yetkazilgan, ularning yarmidan ko‘piga tibbiy yordam ko‘rsatilgach, uylariga jo‘natilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning ma’lum qilishicha, 28 sentyabr kuni ertalab 182 nafar bola shifoxonada davolanishda bo‘lgan. Mulozim barcha bemorlarda o‘tkir gastroenterit borligini tasdiqlagan. Ushbu kasallik odatda ikki-uch kun davom etadi va to‘g‘ri davolanishdan so‘ng bemorlar belgilangan muddatda chiqariladi.
Qo‘mita vakili ta’kidlashicha, ahvoli o‘rtacha deb baholangan bolalar tuzalib ketmoqda. Hech qanday og‘ir holatlar aniqlanmagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarning zaharlanishiga maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazib berilayotgan sifatsiz kefir sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ommaviy axborot vositalarida aytilishicha, poytaxtda ro‘yxatdan o‘tgan, lekin ishlab chiqarish korxonasi Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan Shark Milk Product (Royal Milk brendi) kompaniyasi Toshkent viloyatidagi bolalar bog‘chalariga sut mahsulotlari yetkazib beruvchi hisoblanadi.
Kompaniyani Rasul Omonov boshqaradi, ta’sischilari Fazliddin Omonov (90 foiz) va Saidrasul Sultonov (10 foiz). Korxonada sut mahsulotlari uchun 2026 yil apreligacha amal qiladigan sanitariya-epidemiologiya sertifikati mavjud.
Davlat xaridlari portalida ma’lum qilinishicha, Shark Milk Product bir necha yildan buyon Toshkent viloyatidagi bolalar bog‘chalarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi. Bu yil kefir, smetana, tvorog, pishloq, sariyog‘ xarid qilingan. Umuman olganda, Pskent, Quyichirchiq, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlaridagi ta’lim muassasalari tomonidan tadbirkorlarga 3,5 milliard so‘mdan ortiq (285 ming dollardan ortiq) to‘lov amalga oshirilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining aniqlik kiritishicha, ayni paytda bolalar bog‘chalariga joriy yil avgust oyida o‘tkazilgan tenderda g‘olib chiqqan uchta autsorsing kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi. Pskent tumanidagi Governess Business, Oqqo‘rg‘on va Quyichirchiq tumanlaridagi — Nishon Invest va Buka tumanidagi Innovation-Outsourcing-Service korxonalari oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga mas’ul. Mazkur yuridik shaxslar bog‘chalar uchun Shark Milk Productdan kefir sotib olgan, deya tasdiqlaydi vazirlik.
16 sentyabr kuni Kun.uzda davlat ta’lim muassasalarida oziq-ovqat mahsulotlarini autsorsing qilish haqida maqola e’lon qilingandi. Unda ayrim tadbirkorlar tenderlar vaqtida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilayotganidan shikoyat qilishgan: birgina shaxslar doim g‘alaba qozonishadi, buyurtma uchun mulozimlar «otkat» talab qilishadi. Bundan tashqari, ba’zi hollarda hujjatlarga ko‘ra, amaldagidan ko‘ra ko‘proq mahsulotlar sotib olinadi.
ℹ️ Toshkent viloyatidagi bolalar bog‘chalarida sodir bo‘lgan ommaviy zaharlanishdan birinchi jabrlanganlar 24 sentyabr kuni shifokorlarga murojaat qila boshlagan. Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga «oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi» tashxisi qo‘yilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar salomatligining yomonlashishiga sifatsiz sut mahsulotlari, xususan, yog‘liligi 3,2 foiz bo‘lgan kefir sabab bo‘lgan. Zaharlanish holati yuzasidan jinoiy ish ochilgan.



