26 sentyabr kuni soat 10:00 holatiga ko‘ra, Toshkent viloyatida ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan shifokorlarga olib borilgan bog‘cha tarbiyalanuvchilari soni 1940 nafarga yetdi, deb xabar beradi Daryo.
Nashrning yozishicha, viloyatning yetti tumanida ovqatdan zaharlanish holatlari kuzatilgan. Eng ko‘p jabrlanganlar Bo‘кa (537 ta), Pskent (430) va Oqqo‘rg‘on (413) tumanlarida qayd etilgan.
1110 nafar bola poliklinikalarda davolanib, uyiga jo‘natilgan. Yigirma bir nafar bola o‘rtacha og‘irlikdagi, yana 809 nafari yengil zaharlanish bilan kasalxonada qolmoqda, ularning ahvoli barqaror va qoniqarli deb baholanmoqda.
ℹ️ Toshkent viloyatidagi bolalar bog‘chalarida sodir bo‘lgan ommaviy zaharlanishdan birinchi jabrlanganlar 24 sentyabr kuni shifokorlarga murojaat qila boshlagan. Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga «oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi» tashxisi qo‘yilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar salomatligining yomonlashishiga sifatsiz sut mahsulotlari, xususan, yog‘liligi 3,2 foiz bo‘lgan kefir sabab bo‘lgan. Zaharlanish holati yuzasidan jinoiy ish ochilgan.
25 sentyabr kuni O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova viloyatga tashrif buyurdi. U bolalarning zaharlanishi holatlari qayd etilgan kamida bitta bolalar bog‘chasiga tashrif buyurdi. Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi vaziyatni o‘z nazorati ostiga oldi.



