Markaziy Osiyoning to‘rtta shahrida fransuz kinosi festivali bo‘lib o‘tadi

Fransua Tryuffo . Festival tashkilotchilari taqdim etgan fotosurat

29 sentyabrdan 5 oktabrga qadar Markaziy Osiyoning to‘rtta davlatida Avant Premiere Film Festival in Central Asia ikkinchi xalqaro fransuz kinosi festivali bo‘lib o‘tadi. Filmlar Olmaota, Toshkent, Bishkek va Dushanbeda namoyish etiladi.

Mazkur to‘rtta shahar aholisi va mehmonlari hali mintaqada namoyish etilmagan filmlarni: festivalning yangi filmlari, bolalar animatsiyasi, hujjatli filmlar va fransuz kinosining klassik kartinalarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Namoyishlar taqvimi:

✅ 29-30 sentyabr — Olmaota, «Arman» kinoteatri;

✅ 2-5 oktyabr — Toshkent, Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi va Kinoxona;

✅ 3-5 oktyabr — Bishkek, «Ala-Too» kinoteatri;

✅ 2-5 oktyabr — Dushanbe, «Siyoma Moll» savdo markazidagi «Premer Zal».

Festival «Fransua Tryuffoning: Hayotim ssenariysi» (François Truffaut, le scénario de ma vie, 2024) filmi bilan ochiladi. Film Tryuffoning e’lon qilinmagan intervyulari va do‘sti Klod de Jivrega yozgan maktublari asosida yaratilgan va unda rejissyor o‘z avtobiografiyasiga chizmalar bergan.

Bu ustozning o‘zini – uning filmlari mavzulari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan bolalik va o‘smirlik xotiralarini «eshitish» uchun beriladigan kamdan-kam imkoniyatdir. Film Tryuffoni «yangi to‘lqin»ning mashhur muallifi, hamda kino o‘sib-ulg‘ayish va erkinlik izlashning shaxsiy xronikasiga aylangan inson sifatida ochib beradi.

Rejissyor David Tebul filmni Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda shaxsan taqdim etadi.

Dastur, shuningdek, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

🎥 «Jeyn Ostin hayotimni barbod qildi» (Jane Austen a gâché ma vie, 2024) —ingliz jozibasiga berilish yoki eski do‘st bilan haqiqiy yaqinlikni kashf qilish tanlovi oldida turgan fransuz ayoli haqidagi romantik komediya.

🎥 «Mayya, menga nom top» (Maya, donne-moi un titre, 2024) — Mishel Gondrining yangi animatsion loyihasi. Unda bola fantaziyasi ertaklarda jonlanadi.

🎥 «Jim haqida roman» (Le roman de Jim, 2024) — ikki yot insonning oila qurishi va o‘tmish qaytganda nimalar bo‘lishi haqida drama.

🎥 «So‘nggi metro» (Le dernier métro, 1980) — Fransua Tryuffoning mashhur dramasi, o‘nta «Sezar» mukofoti sovrindori. Bosib olingan Parijdagi qarshilik va san’at kuchining timsoliga aylangan yashirin teatr tarixi haqida film.

Tadbir Tashkent Film School mustaqil kino maktabi hamda Fransiyaning O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi elchixonalari tomonidan tashkil etilgan. Festival Fransiya instituti va O‘zbekiston milliy kinematografiyasini rivojlantirish markazi ko‘magida o‘tkazilmoqda.