Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining Xalqaro ekspertlar kengashi forumi ochildi

Firdavs Abduholiqov IТSM forumi ochilish marosimida. Markaz matbuot izmati fotosurati

26 sentyabr kuni Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi anjumanlar zalida «Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.Unda IТSM xalqaro ekspertlar kengashi a’zolari ishtirok etdi.

Marosim Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishiga bag‘ishlangan videorolik bilan boshlandi. IТSM direktori Firdavs Abduxoliqov tabrik so‘zi bilan chiqish qildi. U tadbirning muhimligini ta’kidlab, ishtirokchilarni Forum dasturi bilan tanishtirdi.

«O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bilim manbalarini nafaqat yodgorlik sifatida asrab-avaylash, balki ularni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga tushunarli tilda yetkazish, jahon hamjamiyatida keng targ‘ib etish zarur. Bu markaz nafaqat o‘tmish xotirasi, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘lovchi, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi intellektual markaz bo‘lishi kerak. Davlatimiz rahbarining «Markazga tashrif buyurgan har bir kishi bu tarixni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, islom dini, eng avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini anglab yetadi, o‘zbek xalqining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etadi», degan fikrlari bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini belgilaydi», — dedi Abduxoliqov.

U IТSM O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilayotganini eslatdi. Markaz kontenti uchun qadimiy va bebaho osori-atiqalarni saralash bo‘yicha xalqaro xattotlik maktabi hamda milliy komissiya tashkil etildi.

«Komissiya ishiga yurtimizdagi yetakchi muzeylar, kutubxonalar va oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 500 dan ortiq taniqli mutaxassislar jalb etildi. Markaz ekspozitsiyalariga topshirish uchun milliy kolleksiyalardan 1500 dan ortiq tarixiy ashyolar, qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar, hujjatlar va fotosuratlar aniqlandi. Maktab ishlarida ishlash uchun mamlakatimiz va xorijdan xattotlar, yuqori malakali mutaxassislar jalb etildi», — dedi Abduxoliqov.

Unga ko‘ra, xorijiy mamlakatlardagi O‘zbekistonga tegishli madaniy meros «durdona»larini aniqlash, o‘rganish va ularga egalik qilish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan.

«O‘tgan davr mobaynida biz Saudiya Arabistoni, Quvayt, Malayziya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Rossiya va boshqa mamlakatlardagi 50 dan ortiq kutubxona, muzey va shaxsiy kolleksiyalarni ziyorat qildik. Jumladan, bir guruh olim va tadqiqotchilarning Buyuk Britaniyaga rasmiy tashriflari juda samarali bo‘ldi. Buyuk Britaniyadagi Sotbis va Kristis auksion uylari, shuningdek, xususiy kolleksionerlar, galereyalar va san’at dilerlaridan 580 dan ortiq tarixiy ashyolar sotib olindi. Ta’kidlash joiz, ushbu bebaho ashyolarni vatanimizga qaytarish uchun davlat tomonidan katta miqdorda mablag‘ ajratildi», — dedi IТSM rahbari.

Forumning rasmiy qismidan so‘ng ishtirokchilar Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ylab ekskursiyani boshladilar, so‘ngra ISM muzeyi loyihalariga bag‘ishlangan 10 ta tematik sessiyada qatnashdilar. Forumning birinchi kunida Alisher Navoiy nomidagi kino saroyiga tashrif rejalashtirilgan.

«Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» mavzuidagi ikki kunlik forum Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan tashkil etildi. Tadbirda 20 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq olim va ekspertlar ishtirok etadi. TURKSOY, ISESCO, IRSICA, Al-Furqan kabi milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlarning vakillari ekspert sifatida xizmat qiladi. Dunyoning o‘ndan ortiq ommaviy axborot vositalari, jumladan Yevronyus, «Al-Jazira», «Mir» tadbirni yoritadi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.