Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Mustaqillik kuni munosabati bilan 142 nafar xorijlik fuqaroga yashash ruxsatnomasi berish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida ma’lum qilindi, deb xabar beradi «Turkmenistan segodnya» davlat axborot agentligi.
Davlat rahbari Turkmanistonda inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlash borasida samarali ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan bayram arafasida Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat idoralari tomonidan mamlakatda rasmiy propiska uchun ruxsat beriladigan shaxslar ro‘yxati tayyorlandi. Farmonda nomi tilga olingan 142 nafar shaxs ro‘yxatiga yettita davlat fuqarolari va 15 millat vakillari kiritilgan.
Yig‘ilishda statistik ma’lumotlar ham taqdim etildi, unga ko‘ra, bugungi kunga qadar 5152 nafar xorijlik va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs Turkmanistonda yashash ruxsatnomasini olgan.
Bundan tashqari, davlat rahbari o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan mahkumlarni an’anaviy afv etishini e’lon qildi.
Turkmaniston mustaqilligining 34 yilligi arafasida prezident farmoniga 225 shaxs kiritilgan.
Prezident mutasaddi vazirlik va idoralarga ushbu shaxslarni qisqa muddatlarda qamoqdan ozod qilish va oilalari bag‘riga qaytarish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rishni topshirdi. Berdimuhamedov, shuningdek, afv etilgan shaxslarga chin yurakdan mehnat qilish, Vatanga sidqidildan xizmat qilish, mehnati samarasidan bahramand bo‘lib yashashni tiladi.
ℹ️ Turkmanistonda mahbuslarni afv etish aksiyasi muntazam o‘tkaziladi. Prezident bu boradagi qarorlarni Qadr kechasi, Betaraflik kuni va Mustaqillik bayrami munosabati bilan imzolaydi. Shu yilning mart oyida Berdimuhamedov Qadr kechasi munosabati bilan 321 mahbusni afv etgan edi. Iyul oyida Xalqaro tinchlik va ishonch yili munosabati bilan 247 mahbus ozod etildi. OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Turkmanistonda afv etilganlar soni 20 mingdan oshgan.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			