Sakkiz nafar turk jurnalisti tok-shoulardagi izohlari uchun «prezidentni haqorat qilgani» va «yolg‘on xabarlar tarqatgani» uchun qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Besh kishiga rasman ayblov qo‘yilgan, uch nafariga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo‘mitasi (CPJ) Turkiya hukumatini jurnalistlarni ommaviy bayonotlari uchun ta’qib qilishni bas qilishga chaqirdi.
«Bu faqat matbuot va siyosiy muxolifat ovozini o‘chirish maqsadida televideniye jurnalistlariga nisbatan ko‘rilayotgan qator adolatsiz choralarning so‘nggi misollaridan biri. Turkiya hukumati amaldagi demokratiyaning muhim qismi sifatida tanqidiy jurnalistika va sharhlarni olqishlashi va jurnalistlarni ta’qib qilishni bas qilishi kerak», — deydi CPJ ning Turkiyadagi vakili O‘zuur Yog‘ret.
23 sentyabr kuni Istanbul politsiyasi TELE1 mustaqil telekompaniyasining uch jurnalistini hibsga olgan. Hibsga «prezidentni haqorat qilish» gumoni sabab bo‘lgan: 21 sentyabr kuni efirga uzatilgan sarlavhada Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan solishtiruvchi so‘zlar bo‘lgan.
Shu oy boshida ikki gazeta sharhlovchisi — Cumhuriyet jurnalisti Barish Pehlivan va BirGün jurnalisti Timur Soykan 2024 yil oktyabr oyida Halk TV telekanalidagi tok-shou chog‘ida «butun sud tizimini qoraotli qiluvchi» yolg‘on ma’lumotlar tarqatishda ayblangan. Ularning har biri aybdor deb topilsa, to‘rt yarim yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Shuningdek, ular davlat institutlarini «haqorat qilgani» uchun alohida jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.
Sentyabr oyi boshida xuddi shunday ayblovlar Halk TVning yana ikki jurnalisti Mehmet Tezjan va Ibrohim Kahvachi hamda telekanal bosh muharriri Suat To‘ktashga nisbatan 2024 yil sentyabr efirida Erdo‘g‘on harakatlarini Isroilning G‘azodagi harakatlari bilan solishtirgani uchun qo‘zg‘atilgan edi. Jurnalistlar ayblovlarni asossiz deb bilishadi. Ularning har biri to‘rt yilu sakkiz oygacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Sud jarayonlari sanalari hali belgilanmagan.
CPJ ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya dunyodagi eng yomon «jurnalistlar qamoqxonasi» sifatida Xitoy bilan doimo raqobatlashadi. Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida mamlakatda 25 jurnalist hibsga olingan, ulardan 17 nafari iyul oyi holatiga ko‘ra qamoqda bo‘lgan.
Turkiya hukumati 19 mart kuni Prezident Erdo‘g‘onning asosiy siyosiy raqibi Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan ommaviy axborot vositalariga nisbatan tazyiqni kuchaytira boshladi. Imomo‘g‘lining hibsga olinishi va undan keyingi norozilik namoyishlarini yoritgan jurnalistlar, asosan hibsga olish va politsiya zo‘ravonligi bilan bog‘liq 19 ta huquq buzilishi holatlariga duch kelishgan.
Jurnalistlarga nisbatan eng ko‘p qo‘llaniladigan ayblovlar orasida «terror tashkilotiga a’zolik», «terror tashviqotini tarqatish», «mansabdor shaxslarni haqorat qilish», «prezidentni haqorat qilish» va «davlat institutlarini tuhmat qilish» kabi ayblovlar mavjud. Ba’zi hollarda prokurorlar «noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar tarqatish» uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadigan «dezinformatsiya to‘g‘risidagi qonun» ga ham murojaat qilishadi.
CPJning Istanbul Bosh prokuraturasi va Prezidentlik aloqa boshqarmasiga izoh so‘rab yuborgan elektron pochta mautublari javobsiz qoldi.



