Rossiyada jazo o‘tayotgan o‘zbekistonliklarning 60 foizi giyohvand moddalar savdosi va tashishda ayblangan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti Fuqarolik masalalari, legalizatsiya va boshqa konsullik harakatlari boshqarmasi boshlig‘i Munira Nizamova ma’lum qildi, deb yozadi «Gazeta.uz».
Jinsiy zo‘ravonlik o‘zbekistonliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi va barcha sudlanganlarning 12 foizini tashkil qiladi. Keyingi o‘rinlarda qotillik (7%), og‘ir tan jarohati etkazish (taxminan 5%), o‘g‘irlik (4%), firibgarlik (3%) va boshqa jinoyatlar (8%).
Nizomova, shuningdek, qator shov-shuvli voqealar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida sodir etilgan teraktlar va buyurtma asosidagi jinoyatlardan so‘ng Rossiyada o‘zbeklarga munosabat o‘zgarganini ta’kidladi: aeroportlardagi tekshiruvlar sezilarli darajada qattiqlashdi.
«Aeroportlarda O‘zbekistondan keladigan reyslarda tekshiruvlar juda uzoq, mukammal o‘tkazilyapti. O‘rtacha 6−8 soat. 10 soat, 12 soatlab tekshiruv bo‘lgan holatlar ham bor. Ko‘z oldingizga keltiring, ayollar farzandlari bilan 12 soatlab aeroportda o‘tirsa. Bu bekorga bo‘layotgani yo‘q-ku? Fuqarolarimizning xorijda qilayotgan xatti-harakatlarining salbiy ta’siri bu», — dedi TIV vakili.
Lekin shunga qaramay diplomatik missiya vakillari Rossiya, Qozog‘iston, Koreya, Turkiyadagi deportatsion markazlariga borib, jazo muddatini o‘tayotgan fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazishadi, ularning orasida tushuntirish, profilaktik ishlarni olib borishadi, deya qo‘shimcha qildi Nizamova.
Uning ta’kidlashicha, xorijdagi o‘zbekistonliklar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarning katta qismi ularning qabul qilayotgan davlat qonunlari, an’analari va tilini yetarli darajada bilmasligi bilan bog‘liq. Ish yoki o‘qish uchun ketayotganlarning ko‘pchiligi chet el eldagi huquqiy muhitiga birinchi marta duch keladi, bu esa ko‘pincha yashash qoidalari buzilishi, soxta hujjatlardan foydalanish va ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishiga olib keladi.
«Fuqarolarimiz orasida bilib turib jinoyat sodir etish holatlari ham kuzatilmoqda. Bu nima bilan bog‘liq? Katta daromad ortidan quvib, pul ishlash maqsadida. Yoki mana O‘zbekistonda bizda mahalla tizimi bor, to‘g‘rimi? Qariyalar, ota-ona yoki mahalladagi qariyalar bor, ularning nazorati bor. Bizning fuqarolar xorijga chiqqanda mana shu nazoratdan tashqarida qolganidan keyin g‘ayritabiiy harakatlarni amalga oshirishadi», — deb tushuntirdi Munira Nizamova.
Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi respublika fuqarolari qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, davlat tomonidan himoya qilinishini ma’lum qilgandi. Vazirlik yurtdoshlarni huquq va erkinliklari buzilgan taqdirda mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishga chaqiradi.
ℹ️ Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida migratsiya jarayonlari ustidan nazorat kuchayishi sharoitida Rossiya hududida chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklar soni sezilarli darajada oshgan, birinchi navbatda, mamlakatga kirish, yashash va ishga joylashish qoidalarini buzish bilan bog‘liq. Huquqbuzarliklarning o‘sishi, birinchi navbatda, mamlakatga kirish va yashash qoidalarini buzish bilan bog‘liq: IIV ma’lumotlariga ko‘ra, bunday holatlar 27,9 foizga (301 mingdan 385 mingga) oshgan.
Shu davrda noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq 1359 ta jinoyat aniqlangan (o‘tgan yilga nisbatan 7,2 foizga o‘sgan). 2800 nafar chet el fuqarosi Rossiyadan chiqarib yuborilgan (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,1 foizga ko‘p), 791 nafar shaxsga nisbatan Rossiya fuqaroligini bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan.



