26-27 sentyabr kunlari Toshkentda «Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» mavzuida forum bo‘lib o‘tadi. Unda Islom sivilizatsiyasi markazi Xalqaro ekspertlar kengashi a’zolari ishtirok etadi, deb xabar beradi markaz matbuot xizmati.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum davlat rahbari rahnamoligida amalga oshirilayotgan megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasini shakllantirishda muhim qadam bo‘ladi.
Forum o‘nta tematik bo‘limda tashkil etilgan bo‘lib, ularning har biri Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari: Muqaddas Qur’oni Karim zali, Islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar, Islom dinining tarqalishi tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davri, xonliklar davri, kutubxona, muzey, artefakt va qo‘lyozma kolleksiyalari, shuningdek qo‘shma loyihalar uchun xalqaro platforma yaratish kabi mavzularga bag‘ishlangan.
Muhokamalarda O‘zbekiston va xorijdan ikki yuzdan ortiq mutaxassislar, jumladan, IRCICA, Butunjahon islom ligasi, TURKSOY, milliy kutubxonalar va arxivlar, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti, Oksford universiteti, Christie's va boshqa yetakchi tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Forum amaliy xarakterga ega: unda muzey ko‘rgazmasining yakuniy tafsilotlari, Markazning ilmiy va ta’lim loyihalari, kolleksiyalarni raqamlashtirishga yangicha yondashuvlar, multimedia texnologiyalaridan foydalanish masalalari muhokama qilinadi. Dastur doirasida hamkorlik memorandumlarini imzolash, forumning yakuniy deklaratsiyasini qabul qilish, Islom sivilizatsiyasi markaziga artefaktlarni topshirish marosimi o‘tkaziladi.
Forumda Markaz faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqilishi, xalqaro ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar va raqamli loyihalar rejasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



