Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda bolalarning zaharlangani holati yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

podrobno.uz sayti fotosurati

Toshkent viloyati IIB tergovchilari kecha sodir bo‘lgan viloyatdagi bir nechta bog‘chada bolalarning ommaviy zaharlanishi holati yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda O‘zbekiston bolalar ombudsmani Surayo Rahmonova o‘zining rasmiy Telegram-kanalida xabar berdi.

Oliy Majlisning bolalar huquqlari bo‘yicha vakilining tushuntirishicha, mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Respublika Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi («Sanitariya qonunchiligini yoki epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzish») bilan ish qo‘zg‘atilgan.

Ilgari xabar qilingan hodisalar Pskent va Bukin tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalarida sodir bo‘lgan bo‘lsa, Rahmonova xabarida uchinchi tuman – Quyichirchiq ham tilga olingan.

Tegishli vazirlik bayonotida bo‘lgani kabi, bolalar ombudsmani ham jabrlanganlar soniga aniqlik kiritmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, shifoxonalarga murojaat qilgan ko‘plab bolalar isitma, ko‘ngil aynishi va diareyadan shikoyat qilishgan.

Rahmonovaning so‘zlariga ko‘ra, bolalar bog‘chalari oshxonalari va ovqatlanish joylari mutaxassislar tomonidan tekshirilib, oziq-ovqat mahsulotlari tahlil uchun laboratoriyalarga yuborilmoqda.

«Bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq har qanday vaziyat mutasaddi idoralarning alohida nazoratida o‘rganiladi», — dedi ombudsman.

Bundan oldin, 24 sentyabr kuni Toshkent viloyatidagi bir nechta bog‘cha tarbiyalanuvchilari shifoxonalarga yetkazilgani haqida xabar berilgan edi. Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga «Oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi» tashxisi qo‘yilib, zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar salomatligining yomonlashishiga sifatsiz sut mahsulotlari, xususan, yog‘liligi 3,2 foiz bo‘lgan kefir sabab bo‘lgan.