Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputatlari o‘zini-o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risidagi qaror loyihasini qabul qildi

kabar.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlamenti) deputatlari joriy yettinchi chaqiriqni o‘zini-o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risidagi qaror loyihasini qabul qildi. Bu masala bo‘yicha ovoz berish 25 sentyabr kuni bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi parlament matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilgan 89 deputatdan 84 nafari taklifni qo‘llab-quvvatlagan. Hech kim qarshi ovoz bermagan.

Mazkur qaror loyihasini 32 nafar parlament vakili taklif qilgan. Tashabbus guruhi a’zolaridan biri Ulan Primov muhim siyosiy voqealar – Prezident va parlament saylovlari o‘rtasidagi farq qisqa muddat ekanini ta’kidlagan.

«Shu bois mamlakatdagi siyosiy tizim va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida tashabbus guruhi parlamentni o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqarishni taklif qildi», — deya qo‘shimcha qildi deputat.

Bundan tashqari, uning ta’kidlashicha, ushbu qarorning yana bir jihati bor: saylov qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritish.

Shu bilan birga, Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek uulu yettinchi chaqiriq deputatlarining qonuniyligi keyingi chaqiriq tarkibi shakllanmaguncha o‘z kuchida qolishini eslatdi.

Respublika qonunchiligiga ko‘ra, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov parlament o‘zini tarqatib yuborganidan keyin besh kun ichida muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish sanasini belgilashi kerak. Odatda, sana saylovga 90 kalendar kundan kechiktirmay e’lon qilinadi. Biroq, muddatidan oldin saylovlar bo‘lsa, bu muddat uchdan bir qismga qisqartiriladi. Shunday ekan, agar, masalan, davlat rahbari tegishli farmonni 26 sentyabrda imzolasa, saylov 26 noyabrda o‘tkaziladi.

Japarov joriy yiln iyun oyida parlament saylov tizimiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni imzolagan edi.

Yangi reglamentga ko‘ra, Jogorku Keneshga saylovlar uchun 30 ta ko‘p mandatli hududiy saylov okrugi tuziladi, har bir okrugdan uchtadan nomzod ovoz berishda g‘alaba qozonadi. Bundan tashqari, har bir tumanda gender kvotasi doirasida bittadan deputatlik o‘rinlari ajratiladi, bu esa kamida 30 nafar ayolning parlamentga saylanishini ta’minlaydi.

O‘zgartirishlar ma’qullanishidan oldin Japarov hujjatni «qirg‘iz xalqi uchun mos variant» deb atagandi. Davlat rahbari yangi tizim odamlarga tanlash huquqini berishini, saylovchilar nomzoddan norozi bo‘lsa, bu ularning zimmasiga tushishini tushuntirdi.