Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasiga 6 milliard so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari topildi

Xavfsizlik Telegram-kanali fotosurati

O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston bilan chegarada qiymati taxminan 6,2 milliard so‘m (485,5 ming dollar) bo‘lgan kuchli ta’sir qiluvchi dori-darmonlar solingan bir nechta qutilarni topdi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining Telegram-kanalida xabar berildi.

Davlat chegarasining Quvasoy shahrining «Polmon» mahallasi hududidan o‘tuvchi qismida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida noma’lum shaxslar tomonidan tashlab ketilgan «Regapen» va «Zardeks» dori vositalari aniqlangan. Umumiy kontrabanda 73 500 dona dori vositalarini tashkil etgan — yetti qutida 20 000 dona «Zardeks» va 53 500 ta «Regapen» bo‘lgan.

Hozirda holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 1-qismi («Kontrabanda») va 251-1-moddasi 5-qismi («Kuchli va zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomala qilish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Huquq-tartibot idoralari mazkur dori vositalarini yetkazib beruvchilar shaxsini aniqlashmoqda, hozircha hibsga olinganlar yo‘q.

Ayni paytda, Namangan viloyatida tezkor xodimlar noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik kanalni fosh etishdi.

Namangan shahrida dori vositalari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilot ombor mudiri va uning ikki nafar tanishiga tegishli uchta noturar bino ko‘zdan kechirilganda, tegishli hujjatlari bo‘lmagan 2307 turdagi, jami 195.323 dona kontrafakt dori vositalari mavjudligi aniqlangan. Musodara qilingan mahsulotlarning taxminiy qiymati 12,8 milliard so‘mdan (taxminan 1,03 million dollar) oshadi. Hozirda ushbu dori vositalariga nisbatan sudga oid kimyoviy, tovarshunoslik ekspertizalari tayinlandi.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Xavfsizlik Telegram-kanali fotosurati

Kosonsoy tumanida yashovchi fuqarodan qiymati 1,2 milliard so‘m (96,7 ming dollar) bo‘lgan 6396 quti «Ferromed» hind dori vositasi olib qo‘yildi. Fuqaro qo‘lga olinib, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi («Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergovchilar Namangan shahri va Uychi tumanidagi 2 ta «yashirin ombor» dan xorijda ishlab chiqarilgan, taxminiy qiymati 1,2 mlrd so‘mlik, 128 turdagi jami 45.641 dona dori vositalarini aniqlagan. Hozirda ushbu dori vositalari ekspertizaga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.