Toshkent viloyatining Pskent va Bo‘ka tumanlarida joylashgan bir nechta bog‘cha tarbiyalanuvchilari ommaviy zaharlanish oqibatida shifoxonalarga yetkazildi. O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, voqea 24 sentyabr kuni sodir bo‘lgan.
Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga «Oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi» tashxisi qo‘yilib, zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.
Biroq, vazirlik qancha bola kasalxonaga yotqizilgani va zaharlanganlarning qanchasi hamon shifokorlar kuzatuvida ekaniga aniqlik kiritmagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, maktabgacha yoshdagi bolalar salomatligining yomonlashishiga sifatsiz sut mahsulotlari iste’moli sabab bo‘lgan. Xususan, gap Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi zavodda ishlab chiqarilgan yog‘liligi 3,2 foiz bo‘lgan kefir haqida ketmoqda.
Tibbiy yordamga murojaat qilgan bemorlardan olingan tahlillar hamda iste’mol qilingan oziq-ovqatlar namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Qayd etilgan holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etyapti.
Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi voqea yuzasidan keyinroq batafsil ma’lumot berishga va’da berib, vaziyatni qattiq nazorat ostiga olgan.
Bu O‘zbekistonda bolalar bog‘chalarida sodir bo‘lgan ommaviy zaharlanishning birinchi hodisasi emas. Qolaversa, Toshkent viloyatidagi muassasalarda bunday holatlar tez-tez qayd etiladi. Masalan, 2018 yili Bekobod shahrida 60 ga yaqin bola kasalxonaga yotqizilgan, shifokorlar ularga ovqatdan zaharlanish tashxisini qo‘yishgan. 2019 yili Bekobod yana «o‘zini ko‘rsatgan». Bu gal mahalliy maktabgacha ta’lim muassasasining 15 nafar bolasi jabrlangan.
2023 yili xuddi shunday voqea Angren shahrida sodir bo‘lib, 24 nafar bola zaharlangan edi. Bu bolalar bir nechta shahar bog‘chalariga qatnagan.



