Qozog‘iston Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaroda vositachi emas, lekin u ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralar uchun platformaga aylanishi mumkin. Bu haqda prezident Qosim-Jomart Tokayev Tengrinews.kz nashriga ma’lum qildi.
Uning fikricha, har ikki tomon ham ikki tomonlama va turli darajalarda barcha bahsli masalalar bo‘yicha muloqot o‘tkazishga qodir. Shu bilan birga, prezident «Ukraina inqirozi»ni jo‘nlashtirmaslikka chaqirdi.
«Harbiy harakatlar davom etar ekan, ko‘plab muammolar murakkablashmoqda: hududiy, tarixiy, milliy, lingvistik va, albatta, siyosiy. Ha, hududiy masala hozirda eng muhim va qiyin, ammo uni muzokaralar stolida amaliy hal qilish masalasi hali ko‘rilmayapti, chunki tarixiy mavzular (Kiyev Rusi, Ukraina «hududiy tortiqlar», ukrainlar davlatchiligi va boshqalar), aynan shu yerda g‘ayrioddiy va hatto ekzotik fikrlarni o‘z ichiga olgan keng doiradagi fikrlar mavjud, shunga qaramay, men BMTdagi nutqimda ta’kidlaganimdek, muzokaralar davom etishi kerak.
Agar Rossiya va Ukraina yetakchilari Qozog‘istonga kelishni istasa, biz muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanishi uchun barcha zarur xizmatlarni taqdim etamiz», — dedi To‘qayev.
Qozog‘iston rahbari uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ham ta’kidladi. Harbiy harakatlar davom etar ekan, kun tartibidagi barcha asosiy masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar bilan natijaga umid qilish, uning fikricha, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
«Xulosa qilib, shuniqat’iy ayta olaman: biz Ukraina va Rossiya o‘rtasida eng yuqori darajadagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar boshlanishini qo‘llab-quvvatlaymiz, biroq o‘zaro tushunishga erishish uchun dastlabki ishlarni amalga oshirish zarur. Garchi Qozog‘iston vositachi bo‘lmasa-da, agar zarurat tug‘ilsa, barcha darajadagi muzokaralar va uchrashuvlar uchun maydon sifatida o‘zining «yaxshi xizmatlarini» taqdim etishga tayyor», — deya xulosa qildi Qozog‘iston prezidenti.
Bugun ertalab Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Qozog‘istonda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Zelenskiy yaqinda To‘qayev bilan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida uchrashdi. Ukraina rahbari sodir bo‘layotgan voqealarga «o‘z nuqtayi nazarini bayon qildi», To‘qayev esa «hozirgi o‘ta og‘ir vaziyatda» yechim topish uchun diplomatik ishlarni davom ettirishga chaqirdi, deb xabar bergandi o‘shanda Oqo‘rda.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			


