«Kaspiy quvurlari konsorsiumi» AJning Novorossiyskdagi ofisi shahar markaziga dronlar yordamida uyushtirilgan yirik hujum natijasida zarar ko‘rdi, deb xabar qiladi KQK matbuot xizmati.
«Kompaniyaning ikki xodimi turli darajadagi tan jarohatlari olib, tibbiy muassasaga yetkazildi. Ma’muriy idoradagi ishlar vaqtincha to‘xtatildi, xodimlar evakuatsiya qilindi», — deyiladi xabarda.
Konsorsiumning qo‘shimcha qilishicha, KQK ofisi joylashgan binoga qilingan hujum kompaniyaga tegishli bo‘lmagan xodimlarning jiddiy jarohatlanishiga olib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev Ukraina uchuvchisiz uchoqlari Novorossiysk markaziga zarba bergani, natijada ikki kishi halok bo‘lgani, uch kishi jarohatlangani haqida xabar bergan edi. «Beshta turar-joy binosi, jumladan, ko‘p qavatli uylar, mehmonxona binosi zarar ko‘rdi», — deb yozgandi Kondratev o‘zining Telegram-kanalida.
Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) neft quvurlari tizimi Kaspiy mintaqasidan neftni jahon bozorlariga tashishning eng yirik yo‘nalishi hisoblanadi. Uzunligi 1500 kilometr bo‘lgan quvur G‘arbiy Qozog‘istondagi konlarni (Tengiz, Qorachig‘anoq va Kashagan) Rossiyaning Qora dengiz sohillari bilan bog‘laydi, u yerda neft KQK dengiz terminali orqali tankerlarga yuklanadi.
Tizim Qozog‘iston neftining asosiy eksport yo‘nalishi bo‘lib, Qozog‘istondan neft quvuri orqali yuboriladigan hajmning 80% dan ortig‘ini tashkil etadi.
Joriy yil boshidan buyon Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) obyektlari uch marta dronlar hujumiga uchradi. 17 fevral kuni portlovchi moddalar ortilgan dronlar Kropotkinskaya neft nasos stansiyasiga zarar yetkazgan. 19 mart kuni kompaniyaning dengiz terminalida xom neftni tashish va yuklash bilan shug‘ullanuvchi «Kavkazskaya» neft jo‘natuvchi stansiyasiga bir nechta dronlar hujum qilgandi. 24 mart kuni uchuvchisiz uchish apparatlari «Kropotkinskaya» NHS hududida yana urib tushirilgandi.



