Japarov BMTda Qirg‘iziston banklariga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni va G‘azodagi jangovar harakatlarni to‘xtatishni talab qildi

Sadir Japarov BMT minbarida. Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi yalpi majlisida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qirg‘izistonning ikki bankiga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishni talab qildi va xalqaro hamjamiyatni G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston Rossiya-Ukraina mojarosi oqibatlarini his qilmoqda, chunki bir tomonlama sanksiyalar mamlakatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

«Qirg‘iziston o‘z iqtisodiyotini mustaqil ravishda mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda. Shuning uchun biz asossiz sanksiyalarni mamlakat ichki ishlariga aralashish va hali rivojlanayotgan iqtisodiyotimiz rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi bosim sifatida qaraymiz» — dedi Japarov.

Uning fikricha, Qirg‘iziston banklariga nisbatan sanksiyalar ayrim nodavlat tashkilotlar va vijdonsiz shaxslar tomonidan tarqatilgan yolg‘on ma’lumotlarga asoslangan. Prezident Qirg‘iziston bank faoliyati ustidan mustaqil xalqaro audit o‘tkazishga tayyor, deya ishontirdi.

Japarov Qirg‘izistondan Rossiya bilan hamkorlik qilmaslikni talab qilib, bir vaqtning o‘zida u bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirayotgan G‘arb davlatlari yondashuvlaridagi qarama-qarshiliklarga e’tibor qaratdi.

«2024 yili Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya bilan 141 milliard dollarlik tovar ayirboshlash amalga oshirgan, shundan 36 milliard dollari Rossiyadan import qilingan mahsulotlardir. Ayni paytda ikki bankimizga qarshi sanksiyalar joriy etgan Buyuk Britaniya ham o‘sha yili Rossiya bilan 2,2 milliard dollarlik savdo qilgan», — deya aniq raqamlarni keltirdi Japarov.

«Ochig‘ini aytsam, ba’zilar o‘z manfaatlarini himoya qilgan holda Rossiya bilan hamkorlik qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi, boshqalarga esa buni taqiqlaydi. Buni nima deb atash mumkin? «Boshqalardan talab qilishdan oldin, o‘zing o‘rnak bo‘l», degan naql bor», – dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Japarov ta’kidlashicha, uning mamlakati Rossiya bilan G‘arb davlatlariga qaraganda ancha ko‘proq iqtisodiy aloqalarga ega va shuning uchun Qirg‘iziston RF bilan iqtisodiy hamkorlikdan voz kecha olmaydi.

Qirg‘iziston fuqarolari xavfsizligini ta’minlash va ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilashni o‘zining asosiy mas’uliyati deb atagan Japarov iqtisodiyot va savdoni siyosiylashtirishga keskin qarshiligini bildirdi. U Qirg‘izistonning ikki bankiga: AQSH sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan «Keremet Bank» va Buyuk Britaniya ro‘yxatiga kiritilgan «Markaziy Osiyo Kapital banki»ga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni talab qildi.

Prezident nutqining asosiy mavzularidan biri G‘azo sektoridagi janglar bo‘ldi. Japarov bu hududni «minglab bolalar qabristoni» deb atagan BMT Bosh kotibini tilga olib, falastinliklarga qarshi genotsidni to‘xtatishni va Xalqaro sud tomonidan xalqaro sud tergovini boshlashni talab qildi. Prezident Qirg‘iziston har qanday zo‘ravonlik va terrorchilik ko‘rinishlarini, jumladan 2023 yil 7 oktabrda Isroilga qarshi sodir etilgan teraktlarni qoralashini ta’kidlab, terrorizmga qarshi kurashda tinch aholi halok bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, Falastin-Isroil mojarosining yagona yechimi «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyilini amalga oshirishdir.

Japarov, shuningdek, Qatar va Eronga berilgan raketa zarbalarini qoralab, bu harakatlar davlatlar suverenitetini buzishi va mintaqaviy barqarorlikka tahdid solayotganini ta’kidladi.

Japarov Afg‘onistondagi gumanitar inqirozga alohida e’tibor qaratdi. U G‘arb davlatlari muzlatib qo‘ygan 9 milliard dollardan ortiq afg‘on aktivlarini zudlik bilan qaytarishga chaqirib, moliyaviy vositalardan geosiyosiy va mafkuraviy manfaatlar uchun foydalanishni g‘ayriinsoniy deb atadi. Japarov BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yildi15 million afg‘on ocharchilikka duchor bo‘lishini, 24 million kishi esa gumanitar yordamga muhtoj bo‘lishini ta’kidladi. Muzlatilgan mablag‘lar infratuzilmani tiklash, mahalliy banklar orqali kredit olish imkoniyatlarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va qashshoqlikda yashayotgan millionlab odamlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam berishi mumkin.

«Sizlar bu mablag‘lardan foydalanib, foyda ko‘ryapsizlar. Bu siz uchun sharmandalikdir»— dedi Qirg‘iziston prezidenti G‘arb davlatlariga yuzlanib.

Japarov, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashidagi vakillikni oshirish tarafdori, xususan, Afrika davlatlarining kengroq ishtirok etish huquqlarini ta’kidladi. U Qirg‘izistonning 2027-2028 yillarga mo‘ljallangan BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga nomzodini tasdiqlab, mamlakat ilgari bu organga saylanmaganini ta’kidladi.

Uning nutqida Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik mavzusi alohida o‘rin tutdi. «Ishonch bilan ayta olamanki, bugungi kunda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegaralar do‘stlik, savdo-sotiq va hamkorlik chegaralaridir», — dedi Japarov.

U, shuningdek, iqlim o‘zgarishi tahdidlarini atroflicha muhokama qilib, tog‘li mamlakat sifatida Qirg‘iziston muzliklarning erishi va suv tanqisligidan himoyasizligini ta’kidladi.

«Keling, dunyo bo‘ylab qurol-yaroqqa har yili sarflanadyotgan uch trillion dollardan ko‘proq mablag‘ni odamlar hayotini yaxshilash, ochlikka barham berish, atrof-muhitni muhofaza qilish, havoni tozalash uchun sarflaylik... Hammamiz bir havodan nafas olamiz. Shu bois, men sizlarni kimda eng kuchli qurolga ega bo‘lish poygasida emas, tabiati va havosi eng toza mamlakat uchun raqobatda yashashga», — dedi Qirg‘iziston prezidenti.