To‘qayev BMTni Kaspiy dengizini qutqarib qolish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi

akorda.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev BMT minbaridan davlatlarni Kaspiy dengizini saqlab qolish bo‘yicha hamkorlik qilishga chaqirdi, deb xabar beradi Oqo‘rda.

«Kaspiy dengizi shiddat bilan sayozlashmoqda. Bu endi shunchaki mintaqaviy muammo emas, bu global xavotir signalidir, — dedi To‘qayev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasining umumiy siyosat muhokamasi chog‘ida. —Shuning uchun biz mintaqadagi hamkorlarimiz va butun xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda Kaspiy suv resurslarini saqlab qolish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqiramiz».

To‘qayevga ko‘ra, Qozog‘iston Orol fojiasidan saboq chiqargan. «Izchil sa’y-harakatlarimiz, jumladan, xalqaro miqyosdagi urinishlarimiz tufayli biz dengizning shimoliy qismini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldik», — deb eslatdi u.

Qozog‘iston rahbari, shuningdek, o‘tgan yil insoniyat tarixidagi eng issiq yil bo‘lganini ta’kidladi. «Ayni paytda Markaziy Osiyoda o‘rtacha global ko‘rsatkichdan ikki baravar tez isish kuzatilmoqda. Alatau tog‘larida muzliklar erishi tezlashmoqda, bu millionlab odamlarning suv va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidlarni sezilarli darajada oshirmoqda», — deb ta’kidladi u.

To‘qayev so‘nggi paytlarda xalqaro forumlarda muntazam ravishda Kaspiy dengizi muammosiga murojaat qilib keladi. Qozog‘iston rahbari 1 sentyabr kuni Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida so‘zlagan nutqida dengizning sayozlashuvi «ekologik falokatga yaqinlashayotganini» ta’kidladi.

Shu munosabat bilan To‘qayev Ostonada SHHT shafeligida Suv tahlili markazini tashkil etishni taklif qildi. Qozog‘iston prezidenti 2026 yil aprel oyida Ostonada BMT bilan hamkorlikda mintaqaviy ekologik sammit o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini ham ma’lum qildi.