AQSH sanksiyalari Turkmanistondan Eron orqali Iroqqa gaz yetkazib berish shartnomasini bekor qildi

Turkmaniston va Iroq o‘rtasida gaz yetkazib berish bitimining imzolanishi, 2024 yil, Bog‘dod. turkmen.news sayti fotosurati

AQSH Bag‘dodning turkman gazini Eron orqali import qilishga urinishini blokladi, deb xabar beradi Reuters.

2023 yili taklif qilingan shartnoma loyihasiga ko‘ra, Iroq Eron orqali Turkmanistondan taxminan 5 milliard kub metr gaz sotib olishni rejalashtirgan va Eron milliy gaz kompaniyasi (NIGC) vositachi sifatida harakat qilgan. (Eslatma: 2023 yil kuzida Turkmaniston va Iroq besh yil davomida yiliga 9 milliard kub metr gaz yetkazib berilishiga kelishib olgani xabar qilingandi. Turkmaniston matbuotiga ko‘ra, 2024 yil oktyabr oyida Ashxobod va Bag‘dod Eron quvurlari tizimidan foydalangan holda kuniga 20 million kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi).

Kelishuvda Eron moliyaviy kompensatsiya olmasdan gazning 23 foizini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatishi ko‘zda tutilgan edi. Bag‘dod, shuningdek, kelishuvning AQSH sanksiyalari va pul yuvishga qarshi kurash qoidalariga muvofiqligini nazorat qilish uchun xalqaro kuzatuvchi jalb qilishni taklif qilgandi.

Biroq, prezident Donald Tramp boshchiligidagi AQSH ma’muriyati Eronga yadroviy dasturlari yuzasidan bosim kuchayganini bahona qilib, kelishuvni ma’qullashdan bosh tortdi. Iroq Bosh vazirining elektr energiyasi bo‘yicha maslahatchisi Adel Karim «[Turkman kelishuvining] amalga oshirilishi Iroq banklari va moliya institutlariga qarshi sanksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin, shu sababli shartnoma hozirda to‘xtatilgan»ini ta’kidladi.

So‘nggi o‘n yil ichida Erondan gaz importi Iroqning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining qariyb uchdan bir qismini qoplagan va 2024 yilda qo‘shni davlatdan yetkazib berish 9,5 milliard kub metrga yetgan. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Iroq yiliga taxminan 11 milliard kub metr gaz ishlab chiqaradi, bu gazning muhim qismi infratuzilma va investitsiyalar yetishmasligi tufayli yoqib yuboriladi.

Biroq, 2025 yil mart oyida Tramp ma’muriyati Iroqqa Eron elektr energiyasi uchun to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beruvchi imtiyozni bekor qildi, bu esa importning qisqarishiga olib keldi. Oqibatda 3000 megavattdan (MVt) ortiq quvvat yetishmasligi yuzaga keldi, bu mamlakatning 28 000 MVt salohiyatining taxminan 10 foizini tashkil qiladi. Elektr uzilishlari taxminan 2,5 million xonadonga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Turkman varianti bloklangani sababli, Iroq hukumati muqobil yechimlarni, jumladan Qatardan suyultirilgan gaz import qilish uchun infratuzilmani qurishni ko‘rib chiqmoqda. Ushbu tashabbuslar doirasida mamlakat TotalEnergies, BP va Chevron kabi yirik xalqaro neft va gaz kompaniyalari bilan gaz loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va gazda ishlaydigan elektr stansiyalarini kengaytirish maqsadida hamkorlik qilmoqda.

AQSH va Eron ta’siri o‘rtasidagi muvozanatni saqlab qolish Bag‘dod uchun asosiy muammo bo‘lib qolmoqda, chunki Eron gaziga qaramlik Iroqning elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, deb ta’kidlaydi Reuters. Turkmaniston bilan kelishuvning bekor qilinishi Iroqni gaz ta’minotini diversifikatsiya qilish va sanksiyalar bosimi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish imkoniyatidan mahrum qildi.