O‘zbekistonda xavfsizlik kuchlari inson organlarining noqonuniy transplantatsiyasi bilan shug‘ullangan guruhni fosh etdi

O‘zbekiston IIV matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekistonda inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda IIV va DXX matbuot xizmatlari xabar berdi.

Ikki huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 2023-2025 yillari guruh tomonidan 32 nafar bemorga noqonuniy ravishda buyrak va jigar transplantatsiyasi operatsiyalari tashkil etilgani aniqlandi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh tarkibiga Toshkent shahri va Toshkent, Farg‘ona, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida istiqomat qiluvchi 12 nafar shaxs kirgan. Ular ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak va jigar xastaliklari bilan og‘rigan bemorlarni aniqlashgan va sog‘lom odamlarni o‘z organlarini katta pul evaziga sotishga ko‘ndirishgan. So‘ngra xorijdagi aloqalardan foydalanib, donorlarni retsipiyentning qarindoshi sifatida o‘tkazib, qalbaki hujjatlarni tayyorlashgan va qo‘shni davlatdagi xususiy klinikalarda organ transplantatsiyasini tashkil qilishgan.

Mijozlardan olingan pulning bir qismi xususiy klinika xizmatlari va donorlarga to‘lovlar uchun, qolgan qismi esa guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlangan. Bundan tashqari, guruh transplantatsiya qilinganidan so‘ng ahvoli yaxshilanmagan bemorlarga kuchli og‘riq qoldiruvchi vositalarni qimmat narxlarda sotishgan.

Guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 133-moddasi («Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olish hamda transplantatsiya qilish shartlarini va (yoki) tartibini buzish» ), 228 — («Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish»), 246 — («Kontrabanda») va 273 — («Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish») boshqa moddalari bilan ish qo‘zg‘atilgan.

Rasmiy xabarlarda jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchilar qamoqqa olingani haqida aniq ma’lumot berilmagan, biroq ularda materiallar mohiyatan ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etilgani qayd etilgan.

Huquq-tartibot idoralari ushbu va shunga o‘xshash guruhlar harakatlaridan jabrlangan fuqarolarni o‘zlariga yaqin ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilishga yoki 102 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishga chaqiradi.

ℹ️ O‘zbekistonda 2022 yil may oyida qabul qilingan «Inson organlari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, organlarni olish va transplantatsiya qilish ro‘yxati hukumat tomonidan tasdiqlanadigan davlat tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston fuqarolari retsipiyentga donorlik qila olmaydi. Inson a’zolari va to‘qimalarini sotib olish va sotish, shuningdek ularni chet elga olib chiqish taqiqlanadi.